O‘zbekiston | 11:28 / 23.07.2018
8981
2 daqiqa o‘qiladi

So‘rov: Markaziy bank tomonidan so‘ralganlarning aksariyatida kutilmalar bo‘yicha umidsizlik kayfiyati kuzatildi

Foto: Flickr

Aholining xarid qobiliyatini o‘rganish natijalariga ko‘ra, 2018 yilning birinchi yarmida ularning daromadlari va narxlar o‘rtasidagi mutanosiblikda jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi. O‘rganilayotgan davr mobaynida respondentlarning aksariyati (65 foiz atrofi) avvalgi 12 oy davomida narxlar oshishi sur'ati daromadlarnikiga nisbatan yuqori darajada bo‘lganini qayd etdi. Bu haqda Markaziy bankning «O‘zbekiston Respublikasi aholisi va korxonalarining inflyatsion kutilmalari» hisobotida aytiladi.

Yanvar-iyun oylarida o‘tkazilgan so‘rovda 750ta jismoniy va 300ta yuridik shaxs qatnashdi.

Kelgusi 12 oy davomidagi kutilayotgan daromadlar va narxlar o‘zgarishi o‘rtasidagi munosabatlarda ham umidsizlik kayfiyati kuzatilgan bo‘lib, so‘rovda ishtirok etganlarning deyarli yarmi daromadlar oshishi narxlar ko‘tarilishidan past darajada bo‘lishini kutmoqda.

Yuridik shaxslardan kelgusi 12 oyda ish haqi oshishi bo‘yicha kutilmalari o‘rganilganda, ularning aksariyati 10-20 foiz oralig‘ida oshishini ko‘rsatgan. 20 foizdan yuqori darajada oshishini bildirgan tadbirkorlar ulushi yanvarda 29 foizni tashkil etib, iyunda 22 foizgacha tushdi. Ish haqi oshishi 10 foizdan past bo‘lishini qayd etganlar ulushi yanvarda 20 foizdan iyunga kelib 23 foizgacha ko‘tarildi.

Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar aholining jamg‘arish kayfiyatiga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda. So‘rovda ishtirok etgan jismoniy shaxslarning 50 foizdan ortig‘i jamg‘armalarni tadbirkorlikka ishlatish istagidaligini bildirgan.

Mavzuga oid