18 yildan buyon Samarqand shahrining yaroqli bosh rejasi yo‘qligi ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda
Qariyb 18 yildan buyon shaharning bosh rejasi mavjud bo‘lmagan Samarqandda joriy yil 1 oktabrga qadar shunday reja ishlab chiqiladi va u jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi kutilmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Samarqand shahar hokimligi binosida shaharning yangi bosh rejasi masalalariga bag‘ishlangan muhokama bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimi, ToshBoshPlanLITI instituti direktor o‘rinbosari va bosh arxitektori, Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining Samarqand va Jizzax viloyatlari bo‘yicha davlat inspeksiyasi rahbari hamda Samarqand arxitektura va qurilish instituti olimlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda ayni vaqtda shaharda qator qurilish ishlari yakuniy ekspertiza o‘tkazish uchun to‘xtatilganligi ta'kidlandi. Ma'lum qilinishicha, o‘n sakkiz yildan buyon shaharda yaroqli bosh rejaning o‘zi bo‘lmagani, ayni vaqtga kelib, ko‘plab muammolarni yuzaga chiqarmoqda.
Samarqandda, birgina, tarixiy obektlar joylashgan hududning o‘zi 1100 gektardan ortiq joyni egallaydi. Shaharning binolar, yo‘llar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari inobatga olingan bosh rejasi yo‘qligi tufayli ayrim hududlarda yangi loyihalarni bajarish qiyin kechmoqda.
“Bugun ko‘plab xorijiy investorlar shahrimizda mehmonxona qurish uchun qiziqish bildirmoqda. Ammo bu holatda ularning biznesi uchun qanday qulay joyni ko‘rsata olamiz?! Boshqa savollar ham ko‘p. Ammo biz tezda bu masalalarga yechim topishimiz zarur“, – Samarqand shahar hokimi Furqat Rahimov.
Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti vakili Sh.Ochilovning fikricha, Sankt-Peterburg shahrida hududdan foydalanish qoidalari bor, ular shaharning bosh planiga asoslangan. U yerda 1400 gektar yer inobatga olingan. O‘sha yerdan ham mutaxassislarni jalb etish maqsadga muvofiq. Qolaversa, Samarqand davlat arxitektura va qurilish institutida ta'mirlash ishlari bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun yangi fakultet ochish lozim.
ToshBoshPlanLITI instituti vakillarining ta'kidlashicha, joriy yil 1 oktabrga qadar shahar bosh rejasi ishlab chiqiladi. Unga qadar tavsiyaviy ahamiyatdagi maslahatlar berib boriladi. Shuningdek, yangi ishlab chiqilgan shahar bosh rejasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi lozimligi ta'kidlandi.
Mavzuga oid
11:25 / 29.09.2024
Samarqandda beshta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
11:14 / 24.09.2024
Samarqandda Treker piyodalar yo‘lakchasidan velosipedda o‘tayotgan 12 yoshli bolani urib yubordi
19:35 / 09.09.2024
Samarqand shahridagi ko‘pqavatli uyda gaz portladi
12:56 / 05.09.2024