22:24 / 24.07.2018
15961

Dilkash suhbatlar: siz ulug‘ safarga otlanayapsiz...

Foto: Flickr

Haj ibodati - islom dinining eng muqaddas va sharafli amallaridan biri. Har bir mo‘min-musulmon haj ziyoratiga borish orzusi bilan yashasa kerak. Alloh inoyati bilan bu muborak amalni ado etganlarga shu bois havasimiz kuchlidir.

Ayni kunlarda ayrim yurtdoshlarimiz, ya'ni bu yil muborak haj ziyoratiga otlangan fuqarolarimiz o‘zgacha taraddudda. Ular va boshqalarning haj amallari, hojilik maqomi, unga munosib bo‘lish va haj ibodati bilan bog‘liq ko‘plab savollariga javob berish maqsadida Namangan shahrilik ma'naviyat targ‘ibotchisi, «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni sohibi Xorunxon hoji AYuBXONOV bilan suhbatlashdik.

- Muborak hadislarda: «Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir. Banda uch narsa: dil, til va badan orqali amalga oshirilgan amallar orqali savobga erishadi», deyiladi. Siz ushbu hadisi sharif izohida yana qanday mulohazalarni bildirgan bo‘lar edingiz?

- Islom dini ichki va tashqi amallardan iboratdir. Niyat ichki amal hisoblanib, u qalb bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu hadisning buyukligi, sha'ni ulug‘ligi, sahihligi, foydasi nihoyatda ko‘pligini barcha muhaddislar va ulamolar ta'kidlashgan. Bugun ulug‘ safarga tayyorgarlik ko‘rayapmiz. Bu - go‘zal niyatlarimiz ijobat bo‘layotganidan nishona.

Yaqinda xonadonimizga ikki mehmon keldi. So‘rashdik, chehralari ochiq, xursandlar. Mehmonxonadagi suhbat chog‘ida ulardan biri: «Hoji ota, esingizda bo‘lsa, 1996 yilda, bundan 23 yil muqaddam «Marg‘ilon» ko‘chadagi Mahdumi eshon jome' masjididan ota-onamizni haj safariga kuzatganmiz. O‘shanda siz ularga haj ziyorati va amallari haqida ko‘p tavsiya va maslahatlarni bergan edingiz. Ota-onamiz hojilar bo‘lib qaytishgach, sizga  minnatdorchilik bildirgan edilar. Oilamizdagi o‘sha vaqtdagi go‘zal holat hamon esimda. Bizlarga ham shunday ulug‘ muborak safar nasib etishini so‘rab, rahmatli ota-onamizdan duo olgan edim. Alhamdulilloh, bugun huzuringizga safar oldidan duo olgani, nasihat, maslahat va tavsiyalar eshitgani keldik. Otamiz to umrlarining so‘ngiga qadar hojilik maqomini e'zozlab, unga munosib bo‘lishga harakat qildi. Men ham ulardek bo‘lsam deyman», - dedi.

Bu gaplarni eshitib, qalbim to‘lqinlandi. Xursand bo‘ldim.

Ko‘rganingizdek, haj ibodatini ado etish uchun avvalo, yaxshi niyat bo‘lishi kerak. Bajariladigan amallarning to‘g‘ri bo‘lishi niyatga bog‘liq. Niyat qilmay ado etilgan amal qabul bo‘lmaydi.

- Safar oldidan bajariladigan amallar haqida batafsil ma'lumot bera olasizmi?

- Haj safariga otlanishdan avval niyat qilinadi. «Ey Allohim, men haj qilishni niyat qildim, uni menga oson qil va uni mendan qabul qil», deya ehrom bog‘lanadi, ikki rakat ehrom namozi o‘qiladi. Talbiya aytish bilan ehromga kirgan bo‘linadi.

Islom dini inson hayotini diniy va dunyoviy hayotga ajratmaydi. Inson hayotining har bir sohasida dinimizning ko‘rsatmasi bor.

Safardan oldin o‘tgan umringizdagi xatolik va gunohlar uchun chin dildan tavba qilasiz. Tavbaning qabul bo‘lishi uchun tavba qiluvchining zimmasida hech bir bandaning haqqi qolmasligi kerak. Biror kishiga jismoniy, moliyaviy va ma'naviy zarar yetkazilgan bo‘lsa, uning haqqini ado etishi va undan kechirim so‘rashi lozim bo‘ladi. Omonat bo‘lsa, egasiga qaytarsin. Hajga ketayotgan kishi birovlar bilan o‘rtasida norozilik bo‘lsa, uchrashib ko‘nglini olsin. Zulm qilgan bo‘lsa, kechirim so‘rasin. Qarzi bo‘lsa, ado qilib, keyin safarga chiqsin. Biror kishining molini yegan bo‘lsa, mislini egasiga, u o‘lgan bo‘lsa, merosxo‘rlariga bersin. Xotini va bolalarini moddiy tomondan ehtiyojsiz qilsin.

So‘ng uyida ikki rakat safar namozini o‘qib, oilasini duo qilib, ulardan duo olib, oilani Allohga omonat topshirsin va yaxshi niyat bilan ibodatni boshlasin.

- Safar davomida-chi?

- Hajning zaruriy amallarini o‘rganib va tushunib olsin. Bunda haj amallari haqidagi qo‘llanma kitobni o‘zi bilan birga olib ketishi mumkin. Hamrohlariga doim yordam bersin va hojatini ravo qilsin. Safar davomida urishish-talashish, o‘zgalarga ziyon yetkazish, til bilan ozor berish va boshqa salbiy illatlardan saqlanmoq lozim. Chunki Alloh taolo kalomida bu ma'n etilgan.

Xuddi namozni niyat qilib, «Takbir» aytgan kishiga namozdan boshqa narsa xarom bo‘lganidek, niyat qilib, ehrom bog‘lab, talbiya aytish bilan ma'lum narsalar xarom bo‘lib qoladi.

Ehromlik holatida nimalar ma'n etilgani kitobda yozib qo‘yilgan. Hajdagi buzilgan amallarga kafforot ham tayin etilgan. Ehtiyot bo‘lish hammaga nasib etsin.

Arafotda millionlab hojilar qatorida ehrom kiyib, bosh yalang, oyoq yalang holda talbiya aytib, buyuk ibodat vaqtida bandalikni izhor etish, dunyo hayotidagi bilib-bilmay qilingan gunohlarni avf etishini so‘rab, Alloh huzurida bosh egib turish, Allohdan mag‘firat, rahmat umid qilib, dargohida hokisor, kamtarin va tavozeli holatda turish - eng oliy itoatlar ko‘rinishidir. Bu holatda hamma Parvardigordan iltijo qilib, yolborib yig‘laydi. Ikki dunyo saodatini so‘rab duolar qiladi.

Bu vaqtda har bir kishining ota-onasi haqiga, xalqiga, yurtiga, rahbariga omad, tinchlik, xotirjamlik, farovon hayot, bunyodkorlik ishlarga rivoj, ahillik, totuvlik, ittifoqlik so‘rashi maqbuldir.

Azizlar talbiyani aytishni boshlaganda, xayolda doim shu narsa tursinki, Ibrohim alayhissalom o‘g‘illari bilan Baytullohni qurib bitirgandan keyin Alloh aza vajalla u kishiga: «Odamlarni hajga chaqir», deb buyurdi. Ibrohim chaqiriqlariga ruhlari «Labbay!» deb javob berganlar hajga kelishdi. Alloh taologa «Labbayka» deyishning ma'nosi juda ulug‘. Ilohiy chaqiriqlarning hammasiga «Labbay» deb tayyor turish banda uchun katta baxt. Shu boisdan ham bu dunyoni unutib, unga tegishli barcha narsalardan holi bo‘lib, ehrom kiyimini kiygandan keyin «Labbayka» aytish boshlanadi.

- Hojilik nafaqat kishi qalbini, balki ma'naviyatini ham poklaydi. Shunday emasmi?

- Albatta. Rasululloh (s.a.v)ning va'dalariga ko‘ra, haj ibodatini mukammal ado etgan kishining mukofoti - jannatdir. Shunday ulug‘ maqomga ega bo‘lib qaytgan hoji endi mutlaqo boshqa insondir. Zero, u harami sharifda buyuk Payg‘ambarlar yurgan yo‘llardan yurdi, ular qilgan sa'y-harakatlarni qildi, ular bajargan ibodatlarni ado etdi, go‘yo o‘sha ulug‘ zotlarning zumrasiga dohil bo‘ldi.

Haj ibodati gunohlariga tavba qilgan, xatolarini anglagan, hayotini islom mezoni bilan sarhisob qilgan va umr kitobidan yangi sahifa ochgan hoji uchun yangi, pokiza hayotga qo‘yilgan ilk qadamdir.

Savol tug‘iladi: bu pokiza hayot daftariga dog‘ tushirmay hayot kechirish osonmi, buning uchun nima qilish kerak? Alloh nimani buyurgan bo‘lsa ado etish, nimadan qaytargan bo‘lsa, shundan qaytish lozim. Rasulullohning sunnatlari, tavsiyalari, axloqlariga, uningdek yaxshi sifatlarga ergashish kerak. Eng avvalo, ota-onani e'zozlash, hurmatini joyiga qo‘yish, ular vafot etgan bo‘lsa, ruhlarini shod etish, qarindosh-urug‘lar bilan aloqani bog‘lab turish, ularga muruvvat ko‘rsatish, ko‘ngillarini olish eng maqbul amallardir.

Haj va Umra qiluvchi kishilar Alloh taoloning mehmonlaridir. Agar Alloh taologa duo qilsalar, ularning duosini ijobat qiladi. Agar undan gunohlarini kechirishini so‘rasalar, ularni kechiradi. Hajning eng afzali - baland ovoz bilan talbiya aytish va qurbonlik qilish.

Hadislardan birida Umar (r.a) Rasuli Akram (s.a.v)dan Umraga borishga ijozat so‘radilar. Payg‘ambarimiz ijozat berdilar. Shu bilan birga: «Ey mening do‘stim, o‘zingning xos duolaringda bizni ham sherik qil va duoda bizni unutma», - deb aytdilar. Rivoyat qilinishicha, bir so‘m sarf qilganning ajru savobi yuz ming so‘m yoki tanga sarf qilganning fazilatiga tengdir. Shu sababli isrofdan saqlangan holda bag‘rikenglik bilan sarflash lozim. Mino, Arafot vodiylarida suv va ovqatga muhtojlarga suv ichirilsa, bu ulug‘ savob bo‘lib, uning savobini ota-ona ruhiga yuborilsa, juda ulug‘ ibodat bo‘ladi. Rasululloh (s.a.v) aytdilar: «Kimki ota-onasining vafotidan so‘ng ular tarafidan haj qilsa (yoki haj qildirsa), uning uchun jahannamdan ozodlik (yorlig‘i) yoziladi va ota-onasiga ham mukammal haj savobi beriladi. Lekin ularning nomidan hajga boruvchi kishining ajridan hech narsa kamaytirilmaydi».

Xizmat qilganga xizmat qilinadi, degan hikmatli so‘z bejiz aytilmagan. Allohim har bir bandasiga ota-onaning roziligini olishni, xizmatini qilib duo olishni va bolasidan rohat-farog‘at ko‘rishni nasib etsin. Duo olgan omondir.

 Sanjarbek HAMIDOV suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top