Hali rasmiy xabar chiqmadi, lekin eshitishimcha, terma jamoamiz bosh murabbiyligiga argentinalik mutaxassis Ektor Kuperning tayinlanishi to‘qson to‘qqiz foiz aniq ekan.  

Avvalo, aytish kerakki, murabbiy haqida oldindan aniq xulosa berish qiyin. Futbolda murabbiylarning natijalari paradokslarga to‘la - Skolari jahon chempioni bo‘ladi, lekin «Bunyodkor»da Qosimov ishini takrorlay olmaydi. Di Matteo uch oyda chempionlar Ligasini yutadi, lekin shu bilan yo‘qolib ketadi. Lyov yoki Lippi bir jamoa bilan goh g‘olib, goh sharmanda bo‘ladilar.

Leo Messi besh futbolchini aldab o‘tsa-yu, aniq zarba bera olmasa, u Messiligicha qoladi. Ammo o‘sha zarba golga aylanmagani uchun murabbiy iste'foga chiqarilishi mumkin. Ya'ni, hammasi biz o‘ylagandek oson emas, biz bilgan futbolchilar, maydon va o‘yindan tashqari, pardaning orti, juda ko‘p omillar bor. Bir jamoa, bir vazifa uchun juda mos tushgan murabbiy, ertaga boshqa vazifa va jamoa bilan sharmanda bo‘lishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, Ektor Kuper bilan terma jamoamizda qanday natija ko‘rsatishini aytish mushkul, bu haqida aniq baho berishga erta. Ammo ba'zi faktorlar borki, yangi murabbiy terma jamoamizda ijobiy o‘zgarish qila olishiga ishongimiz keladi.

CheT ELLIK          

Kim bo‘lishidan qat'i nazar, terma jamoamiz bosh murabbiyligiga chet ellik mutaxassis tayinlanishini kutib yurgandik. Chet el bo‘lgandayam, sobiq ittifoq emas, uzoqroqdan, umuman boshqa mentalitetga ega bo‘lgan, muhimi, zamonaviy futbol standartlarida "qovurilgan" murabbiy sifatida Kuper ayni muddaodir.

Birinchidan, unday murabbiy shartnoma tuzdimi, qandaydir o‘z talablari bilan keladi va u xohlaydigan eng minimum sharoit ham mahalliy murabbiylarnikidan yuqori bo‘ladi. Tabiiyki, katta summadagi shartnomaga imzo chekkan O‘FA ham "savob ishni oxirigacha qilishga" urinadi va terma jamoa aurasi, ishlash tamoyillari va yaratiladigan sharoitlar o‘sishi turgan gap.

Ikkinchidan, u hali o‘zbek futbolini bilmaydi. Avlodlar almashinuvi ro‘y berishi kerak bo‘lgan ayni vaziyatda bu muhimdir. Ba'zi nomlarga nisbatan ichki bosimning bo‘lmasligi, biror klub yoki shaxsga nisbatan yon bosilmasligi uchun ham chet ellik mustaqil murabbiy kerak edi. Terma jamoa ostonasidagi xolislik klublarda to‘p surayotgan yosh futbolchilarga ham umid berishi, o‘z o‘zidan milliy chempionatimizni ham jonlantirib yuborishi mumkin.

Uchinchidan, ma'lum bir sikl tugaganda, biz aslida natijaning qoniqarli bo‘lgani, maqsadga sal qolgani haqidagi gaplardan ko‘ra, real muammolar va sabablar haqida ham gaplashish imkoniga ega bo‘lamiz. Chunki, chet ellik murabbiy istalgan paytda sharoitlar va muammolar haqida ochiq ayta oladi. Bundan tashqari, matbuotda ham abramovchi, qosimovchi yoki babayanchiga aylanish, "ko‘z ko‘zga tushadi" deb tanqid qilish yoki savol berishdan qochish holatlari ham bo‘lmaydi.