Sport | 19:26 / 28.07.2018
11787
11 daqiqa o‘qiladi

Chempion hikoyalari: Benjamen Pavar

Foto: Getty Images

2017 yilning 30 oktabrida Benjamen Pavar nemic tilidan olayotgan repetitorlik darslaridan keyin tushlik qilgani oshiqdi. Qaytib kelsa – uydan qilingan o‘nlab qo‘ng‘iroqlar javobsiz qolgan. “Shtutgart”ning 21 yashar jingalaksoch himoyachisining hayotida o‘sha kuni tub burilish sodir bo‘lgandi.
Unga ota-onasi Dide Desham terma jamoaning Uels va Germaniyaga qarshi kechadigan navbatdagi o‘rtoqlik o‘yinlariga chaqirayotganini aytmoqchi bo‘lgandilar. Terma jamoaning asosiy o‘ng qanot himoyachisi, “Monako” a'zosi Jibril Sidibe jarohat olgach, Desham bundesligadan kelgan yosh himoyachiga imkoniyat taqdim etdi.

“Benjamenda xalqaro tajriba yo‘q, ammo men yosh futbolchilarni yaxshi ko‘raman, unda iqtidor yetarli” – deb o‘z qaroriga izoh berdi Dide.
Pavar yig‘lab yubordi. Fransiya yoshlar terma jamoasi safida 15 o‘yinda maydonga tushib ulgurgan futbolchi eng katta turnir oldidan kattalarning asosiy tarkibiga kirishdan umid qila olmasdi-da.

“Bu haqiqiy baxt edi, – deb keyinchalik eslaydi Pavar. - Men ota-onam yonida xo‘ngrab yig‘lagandim. Bolaligimdan qilgan hamma qurbonliklar o‘zini oqlagandi, bekor ketmagandi”.

Foto: AFP/LaPresse

Klubda asosan himoya markazida harakat qiladigan Pavar terma jamoada o‘ng qanot himoyachisi sifatida shakllandi, shu pozitsiyada hamma o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushdi va Rossiyaga asosiy tarkib o‘yinchisi sifatida tashrif buyurdi. U yerda esa, hammamiz ko‘rdik, uning deyarli yarim yil oldin boshlangan parvozi davom etdi.

30 iyun kuni Fransiya terma jamoasini turnirni tark etishdan atigi yarim soat ajratib turardi. Argentinaga qarshi o‘yinda Merkadoga tekkan to‘p Loris darvozasidan joy oldi va raqib hisobda oldinga chiqib oldi: 1:2.

Keyin esa, hech kim kutmagan voqea ro‘y berdi. Fransiya terma jamoa tarkibida oddiy muxlislar uchun eng notanish va guruh o‘yinlarida go‘yo sezilmagan Benjamen Pavar Lukas Ernandesning uzatmasidan so‘ng qaytayotgan to‘pga yugurib bordi va darvozaga kuchli zarba berdi. Gol. (Bu gol turnirning eng chiroyli goli deb ham e'tirof etildi, darvoqe).

Foto: Getty Images

Zarbaning ijrosi va to‘pning darvoza to‘riga tekkan oraliq soniyalarda muxlislar oyoqqa qalqdi, har ikki jamoa futbolchilari muzlab qolishdi.

Shundan so‘ng, Kilian Mbappe o‘z ishini qildi, ammo o‘sha oqshom hujumchining dubli emas, ko‘proq Pavar haqida gapira boshlashdi. Agar Fransiyaning eng notanish qanot himoyachisi shunday gol ura olsa, chempionlik haqida orzu qilishdan yana nima to‘xtatishi mumkin?

Rossiyadagi o‘yinlar oldidan terma jamoasi safida atigi 5 o‘yinda maydonga tushgandi. U golni Mbappe yoki Grizmann kabi nishonlashni bilmadi ham, keyin o‘zi aytib berishicha, gol urganidan keyin nima qilishni ham bilmay qolgan ekan. Yoki Pogba kabi ertasiga o‘nlab raqs sahnalarini videoga olib internetda tarqatmadi. Shunday bo‘lsa ham, o‘sha o‘yindan keyin hamma Pavar haqida gapira boshladi.

Faqat bechora “Shtutgart” muxlislariga qiyin bo‘ldi – endi ularning yosh yulduzlarini “Bavariya” o‘ziga og‘dirib oladi. Fransiya televideniyasi esa onasining Benjamenga qarata ko‘zda yosh bilan qilgan videomurojaatini qo‘yib berdi. Jurnalistlar Pavarning Yevro-2016 da do‘stlari bilan terma jamoaga muxlislik qilayotgan fotolarni qidirib topishdi. U paytlarda uning pozitsiyasida tajribali Bakari Sanya o‘ynardi. Telejurnalistlar Pavar ulg‘aygan “Jyumon” klubining bazasigacha yetib borishdi. Kimdir himoyachi turli yoshdagi terma jamoalardagi 28 o‘yinda biror marta ham mag‘lubiyatga uchramaganini qidirib topdi. Murabbiy esa, shogirdiga bir paytlar Lilian Tyuram ham shunga o‘xshash gol urganini va afsonaga aylanganini eslatib, o‘rnak olishga chaqirdi.

Foto: AFP

“Men nima bo‘layotganini to‘liq faxmlayapman, deya olmayman. Men maydondagi har bir daqiqadan zavq olyapman. Men jahon chempionatida bunday gol urganimni umrimning oxirigacha yodimda saqlayman” – dedi qahramonning o‘zi. Keyinchalik, mashg‘ulot paytida xuddi shunday zarbani amalga oshiraman deb, osmondagi qushni urib tushirganini aytib, hazillashib ham qo‘ydi.

2016 yilda “Lill” bosh murabiyi Frederik Antonetti Pavarga ishonch bildirmagan, uning o‘rniga tajribaliroq futbolchini o‘ynatmoqchi ekanini yashirmagan va Benjamen so‘nggi o‘n yilini bergan Lillni tark etishga majbur bo‘lgandi. Fransiyada hech kim tanimaydigan yosh himoyachiga kim ham qiziqardi, natijada u tavakkal qilishga majbur bo‘ldi. Endigina bundesligani tark etgan “Shtutgart” chaqirig‘iga rozi bo‘ldi.

Foto: Getty Images

O‘shanda ba'zi fransuz nashrlari Pavarning xato qilganini yozishdi. Bu yoshda mamlakatni tark etishdan ko‘ra, Fransiyadan osonroq variant topish foydaliroq tuyulgandi. Ammo aksincha, aynan “Shtutgart”da, yangi madaniyat, yangicha futbolga moslashish jarayoni Pavarni yanada kuchli qildi. Germaniyadagi muxlislarning futbolga munosabatini ham esdan chiqarmaslik kerak: “Men Germaniyaning mashhur klubida to‘liq stadion qarshisida har o‘yinda maydonga tushyapman, bu yomon emas, to‘g‘rimi?” - deb baho bergandi Benjamen Pavar.

U 2016 yilning oktabrida “Groyter”ga qarshi bahsda ilk o‘yinini o‘tkazdi. Bundesligaga o‘rganib qolgan “Shtutgart” uchun qo‘yi divizion biroz noqulay edi, ammo Pavar bunga e'tibor ham bermadi. O‘sha o‘yinda jamoa 4:0 hisobida g‘alaba qozondi, Pavar bir gol urib, yana Karlush Manening goliga assistentlik qildi.

Ayniqsa, goldan ko‘ra, pas hammaning e'tiborini qozongandi: himoyachi to‘pni juda chiroyli tarzda o‘z qanotidan qarama-qarshi tomonga, sherigining yo‘liga chiqarib bergan, Maneda faqat to‘g‘ri zarba berish qolgandi xolos. Muxlislar aynan texnikasi tufayli Pavarni yoqtirib qolishdi. Bir yil o‘tib, Desham uni terma jamoaga chaqirganda balki fransuzlar hayron qolishgandir, ammo Shtutgartda bu oddiy qaror sifatida qabul qilindi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emasdek.

Foto: Getty Images

Pavarning yana bir xususiyati – universallik. “Shtutgart” Bundesligaga qaytgach , u juda ko‘p pozitsiyalarda o‘zini sinab ko‘rdi. Himoyada ham, yarim himoyada ham o‘ynadi. 2018 yilning yanvaridan boshlab esa, yangi murabbiy Tayfun Korkut uni faqat himoya markazida o‘ynata boshladi.

“Shtutgart” 7-o‘rinni oldi, Pavar 34 o‘yinning barchasida asosiy tarkibda to‘liq harakat qildi. Aynan shu mavsum oxirlarida u haqida ko‘proq gapira boshladilar, Rossiyaga boradigan tarkibda ikki xil pozitsiyada o‘ynashi bilan Tyuramni eslatib yuboradigan himoyachi Deshamga kerak edi. O‘sha 1998 yilgi chempion terma jamoada Desham bilan o‘ynagan Lilian Tyuram o‘ng qanotda o‘ynar, ammo klubda, “Parma”da markaziy himoyachi hisoblanardi.
Endi Pavarning Fransiya libosidagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 31 o‘yinga yetdi. Endi u o‘z vaqtida Mobyojni tark etib, Lillga borib qolganidan ham, u yerdan deyarli “haydalib”, Germaniyaga ketganidan ham afsus qilmaydi. Endi u bemalol Lilian Tyuram erishgan muvaffaqiyatlarni zabt etmoqchi ekanini aytishi ham mumkin, hech kim kulmaydi.

Foto: AFP

Yosh do‘stimiz terma jamoadagi sheriklari va murabbiydan maqtovlarni eshitib, oilasi davrasida ta'tilini o‘tkazayotgan mana shu pallada esa, uyoqda futbolchini qo‘lga kiritish uchun haqiqiy kurash boshlangan.

Taxminlar to‘g‘ri chiqdi, u terma jamoada va klubda o‘zini ko‘rsatishi hamono “Bavariya” qiziqishni boshladi. “Shtutgart” sport direktori Mixayel Reshke esa, myunxenlik nahanglar haqidagi xabarlarni keskin qabul qildi va 30 million yevro atrofidagi takliflar uchun hatto telefon trubkasini ko‘tarmasligini aytdi.

Ammo hammasi “Shtutgart”ning nazoratida emas – shartnomaga ko‘ra, 2019 yil kirishi bilan Germaniya chempioni futbolchining 35 millionlik tovon pulini to‘lab, uni qo‘lga kiritishi mumkin. Demak, agar “Bavariya”ning yangi murabbiyi Niko Kovach Pavarni o‘z jamoasida ko‘rishni istasa, Bundesliganing asosiy monopolchilari o‘sha summaga ozgina qo‘shib, yozdayoq maqsadlariga yetishlari mumkin. Bunday ishlar “Bavariya” uchun hech qachon muammo bo‘lmagan.

Transfer har qanday holatda ham tomonlarni xursand qiladi. Pavarni besh millionga sotib olgan “Shtutgart” mo‘maygina daromad olsa, “Bavariya” yaxshi himoyachiga ega bo‘ladi, futbolchining o‘zi esa, yoshlikdagi orzusiga erishgan bo‘ladi:

“Men bolaligimdan Chempionlar ligasida o‘ynashni orzu qilardim. Albatta, “Shtutgart”dan barchasi uchun minnatdorman”

Foto: Getty Images

Uyog‘ini Pavar hali aytgani yo‘q. Hozircha futbolchi hayotidagi eng muhim turnir ham yakuniga yetdi, u yulduzli sheriklari qatori ikki haftalik ta'tilga chiqdi. Zamonaviy futbolning eng glamur jamoadoshlari orasida Pavar hali ham kamtarligicha qolmoqda.

U qayerda o‘ynamasin, o‘z ishini qilaveradi. Klublar qo‘lda pul bilan uni o‘z tomoniga og‘dirish harakatida, ota-ona o‘g‘lining qayerda bo‘lsa ham, muvaffaqiyat qozonishidan umidvor...

Faqat janob Dide Deshamga mazza, yaqindagina yana jahon chempioniga aylangan murabbiy aniq biladiki, jamoasida yana ajoyib gollar ura oladigan universal himoyachi bor.

johndonne.ru materiali asosida Q.Aslanov tayyorladi.

Mavzuga oid