O‘zbekiston | 07:53 / 31.07.2018
12048
2 daqiqa o‘qiladi

Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarni Rossiyadan deportatsiya qilinmasligi uchun qoidalarni eslatmoqda

Foto: RIA Novosti/Kirill Kallinikov

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya hududiga kirib kelganda migratsiya hisobiga olish muddatlarini buzish mamlakat hududidan chiqarib yuborish, kirishga taqiq tushishiga sababchi bo‘lishidan ogohlantirmoqda. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar beradi.

«Hozirgi vaqtda Rossiya Federatsiyasida chet el fuqarolarini migratsiya hisobiga olish umumiy qoidalarga muvofiq amalga oshirilmoqda: Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasini kesib o‘tgan kundan boshlab yetti ish kunidan kechikmay kelganlik to‘g‘risida ma'lum qilinadi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston fuqarolarini migratsiya hisobiga qo‘yish muddati Rossiya hududiga kirgandan boshlab 7 ish kunini tashkil etadi.

O‘zbekiston fuqarolarini dastlabki ro‘yxatdan o‘tkazish boshqa xorijliklar kabi 90 kungacha bo‘lgan muddatda amalga oshiriladi, ya'ni Rossiyada bo‘lishning ruxsat etilgan muddati kelgan vaqtdan boshlab 90 kunni tashkil etadi.

O‘zbekiston fuqarolari 90 kunlik muddat tugashi bilan Rossiya hududini 3 oyga tark etishlari yoki sabab mavjud bo‘lgan hollarda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish qaydnomasini cho‘zdirishi lozim. Ilgariroq 2018-yil 25-maydan 25-iyulga qadar futbol bo‘yicha jahon chempionati FIFA-2018 o‘tkazilayotgan shaharlarda uch sutka davomida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi amal qilgan edi.

Migratsiya hisobiga olish muddatlarini buzish Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborish, kirishga taqiq qo‘yish hamda mintaqaga bog‘liq tarzda 2000 rubldan 7000 rublgacha miqdorda jarima solishga olib keladi»​, deyiladi vazirlik xabarida.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid