Jahon | 17:43
897
2 daqiqa o‘qiladi

1 iyundan Rossiya qonunchiligida migrantlar uchun qator o‘zgarishlar kuchga kirdi

1 iyundan boshlab Rossiya qonunchiligida migrantlarning ushbu mamlakatga kirishi va chiqishi bilan bog‘liq bir qancha o‘zgarishlar kuchga kirdi.

Foto: RIA Novosti

Xususan, ushbu mamlakat chegaralarida barmoq izlarini topshirish va suratga tushish, shuningdek, RuID mobil ilovasida safardan kamida 72 soat oldin ariza topshirish tartibi 2027 yil oxirigacha uzaytirildi.

Shu bilan birga, 1 iyundan boshlab ayrim yuk mashinalari haydovchilari uchun Rossiya hududida vaqtincha bo‘lish muddati uzaytirildi. Shu asosda MDH davlatlari (jumladan O‘zbekiston ham) va Gurjistonning xalqaro tashuvlar bilan shug‘ullanuvchi fuqarolari Rossiyada avvalgi 90 kun o‘rniga 180 kungacha bo‘lishi mumkin.

Rossiya chegarasida ushbu mamlakatga kirishda barmoq izlarini topshirish va suratga tushish bo‘yicha tajriba loyihasi 2024 yilda joriy etilgan va 2026 yil 30 iyungacha amal qilishi kerak. Unga ko‘ra, Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo, Jukovskiy aeroportlari va Mashtakovo avtomobil o‘tkazish punkti (Orenburg viloyati) orqali kirayotgan yoki chiqayotgan barcha chet el fuqarolari biometrik nazoratdan o‘tkaziladi.

Avvalroq Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi bu tajriba muvaffaqiyatli bo‘lsa, yangi qoidalar doimiy amaliyotga aylanishini va chet el fuqarolarining mamlakatga kirish jarayonini sezilarli darajada soddalashtirishini ma’lum qilgan edi.

Ta’kidlash joiz, Rossiya hukumati so‘nggi ikki yil davomida migratsiya siyosatini izchil ravishda qat’iylashtirib, chet ellik ishchilar uchun tobora ko‘proq yangi talab va cheklovlarni joriy etmoqda. Xususan, qoidabuzarlar uchun nazorat ostidagi shaxslar ro‘yxati tuzildi, shuningdek, sayohatdan oldin elektron xabardor qilish talabi joriy etildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid