O‘zbekiston | 14:44 / 01.08.2018
33746
5 daqiqa o‘qiladi

Hukumat oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari bo‘yicha qaror qabul qildi

Foto: xdp.uz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari hamda Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati bo‘yicha ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risida nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, davlat-xususiy sherikchilikning oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini moddiy-texnik va uslubiy jihatdan ta'minlash shakli asosida tashkil etilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati uchun litsenziya olish talab etilmaydi;

12 nafargacha bolani tarbiyalashni nazarda tutuvchi oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini moddiy-texnik va uslubiy jihatdan ta'minlash shaklidagi davlat-xususiy sherikchilik loyihasi qishloq joydagi xususiy sherikning tashabbusi bilan, tanlov o‘tkazilmay va taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganish asosida, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi;

davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risida bitim tuman (shahar) hokimligi tomonidan taklif etiladigan ruxsat xususiy sherik tomonidan qabul qilingan kundan boshlab qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kuchga kiradi.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi faqat davlat-xususiy sherikchilikning oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini moddiy- texnik va uslubiy jihatdan ta'minlash shakli asosida qishloq joylarda tashkil etiladi.

Quyidagilar oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarining maqsadi hisoblanadi:

maktabgacha yoshdagi bolalarni (keyingi o‘rinlarda bolalar deb ataladi) har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish;
ta'lim-tarbiya berish orqali bolalarni maktab ta'limiga sifatli tayyorlash;
bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish.

Quyidagilar oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarining vazifalari hisoblanadi:

ta'lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta'lim dasturlari va texnologiyalarini joriy etish;
bolalarning hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini mustahkamlash;
bola shaxsini sog‘lom va yetuk, maktabda o‘qishga tayyorlangan tarzda shakllantirish;
bolalarning intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishini ta'minlash; 
bolalarda xalqimizning yuksak ma'naviyati va insonparvarlik an'analariga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari:

ota-onalar bilan kelishuv bo‘yicha qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish (shu jumladan o‘qituvchilar, murabbiylar, tibbiyot xodimlarini taklif qilish);
xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar hisobiga tarbiyachi va uning yordamchisi ishini qo‘shimcha ravishda rag‘batlantirish;
foyda olish huquqiga ega.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari tuman (shahar) hokimliklari tomonidan beriladigan belgilangan shakldagi ruxsatnomani qabul qilib olgan vaqtdan boshlab ta'lim faoliyatini amalga oshirish huquqiga eta bo‘ladi.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talab etilmaydi.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasining muassislari yakka tartibdagi tadbirkor bo‘ladi. 

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasida 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 7-12 nafar bolalarga tarbiya berilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasining ish tartibi va bolalarning muassasada bo‘lish vaqti ota-onalarning istak va talablaridan kelib chiqib muassis tomonidan belgilanadi.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasida 5 kunlik ish haftasi uchun, qoida tariqasida, quyidagi kunlik ish tartibi joriy etiladi:

9 soatli;
4 soatli.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi joylashgan hududda yashaydigan aholi talablaridan kelib chiqib, nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasida 6 kunlik ish haftasi ham joriy etilishi mumkin.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasiga bolalarni qabul qilish jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan kati nazar, tegishli tibbiy xulosa asosida amalga oshiriladi.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasiga bolalarni qabul qilish va muassasadan chiqarish tartibi oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasining qarori bilan amalga oshiriladi.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasidagi bolalar soni 7 nafardan kam bo‘lmasligi va 12 nafardan oshmasligi lozim.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasida o‘kuv yili joriy yilning 2 sentabridan boshlanadi va keyingi yilning 1 iyuniga kadar davom etadi. 1 iyundan 1 sentabrgacha bo‘lgan davr muassasada sog‘lomlashtirish davri hisoblanadi.

Mavzuga oid