Jahon | 08:37 / 02.08.2018
4587
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiyadagi maktablarda smartfonlardan foydalanish taqiqlandi. O‘zbekistonda ham shunday qilish kerakdir?

Foto: Matt Cardy/Getty Images

Fransiya parlamenti o‘rta va boshlang‘ich maktablarda smartfonlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini yakuniy tarzda ma'qulladi. Bu taqiq Internetga ulangan barcha gadjyetlarga, shu jumladan aqlli soatlarga ham tegishlidir, va 2018 yil sentabr oyidan kuchga kiradi.

Qonun loyihasiga hukmron «Olg‘a, respublika», shuningdek, «Demokratik harakat» va «Demokrat va mustaqillar ittifoqi» partiyasi ovoz berdi. Respublikachilar, kommunistlar hamda «Taslim bo‘lmagan Fransiya» ishtirokchilari tanqid bilan chiqdi. Bu taqiq prezident Emmanuel Makronning saylovoldi va'dalaridan biri edi.

Bu taqiq qanday amal qiladi:

• uch yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar smartfonlar va shunga o‘xshash boshqa qurilmalardan darslarda ham, tanaffuslarda ham foydalana olmaydi;
• o‘qituvchilar ham xuddi bolalar kabi qurilmalardan foydalana olmaydi;
• darsdan tashqari mashg‘ulotlar, alohida holatlar va uyda ta'lim oluvchi bolalar uchun istisnolar bo‘lishi mumkin - buni maktab hal qiladi;
• nogironligi bo‘lgan bolalar yoki rivojlanish imkoniyati cheklangan bolalarga smartfonlardan foydalanish taqiqlanmaydi.

Nima uchun bunday taqiq zarur:

Qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan partiyalarning ma'lum qilishicha, bolalarni Internetga haddan tashqari berilib ketish va texnologiyalarga qaramlikdan himoya qilishni istaydilar. Hujjatni tanqid qilganlarning bildirishicha, Fransiyada 2010 yildan beri darslarda smartfonlarni ishlatish taqiqlangan, bunda «ta'lim maqsadi» muhim o‘rin tutadi.

Fransiyaning ARCEP telekommunikatsiya idorasi ma'lumotlariga ko‘ra, 12 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan Fransiyadagi bolalarning 90%dan ko‘prog‘i smartfonlardan foydalanmoqda. Bundan tashqari, hukumat mutaxassilarining fikricha, elektronika bilan haddan tashqari qiziqish qaramlik va uyqu buzilishiga olib keladi.

Bunday taqiq yana qayerda amal qilyapti:

• Buyuk Britaniya maktablari smartfonlarni taqiqlash huquqiga ega - bundan o‘quv muassasalarining uchdan bir qismi foydalanadi;
• Shvetsiyadagi ko‘pgina maktablar o‘quvchilariga qurilmalardan foydalanishga ruxsat bermaydi;
• Germaniyada smartfonlar vokzallar dispetcherligida taqiqlangan, bu e'tiborni yo‘qotgan dispetcherning xatosi tufayli poyezdlar to‘qnashuvi sodir bo‘lganidan keyin ro‘y berdi.

Shu o‘rinda bir fikr. Balki O‘zbekistondagi maktablarda ham shunday taqiqni joriy qilish vaqti kelgandir. Bu ham o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini oshiradi, ham yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli xil muammolarning oldini oladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid