Jahon | 08:59
580
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy G7 sammitida Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Fransiyada bo‘lib o‘tadigan «Katta yettilik» (G7) sammiti doirasida uchrashishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, tomonlar Ukrainadagi urushni tugatishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan tashabbuslar va tinchlikka erishish imkoniyatlarini muhokama qiladi.

Foto: Ukrainian Presidential Press Service/REUTERS

Zelenskiy bu haqda Tramp bilan bo‘lib o‘tgan telefon muloqotidan so‘ng ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbat davomida frontdagi vaziyat, Ukraina pozitsiyasining mustahkamlanishi va tinchlikka erishish yo‘llari muhokama qilingan.

«Biz hozir tinchlikni yaqinlashtirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan masalalarni muhokama qildik. Sammitda bu mavzular yuzasidan yanada batafsil gaplashishga kelishib oldik», — dedi Ukraina rahbari.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, uchrashuvda Ukraina xavfsizligi, mamlakatning mudofaa imkoniyatlari va adolatli tinchlikka erishish masalalari asosiy mavzulardan biri bo‘ladi. U, shuningdek, AQShning Ukrainaga ko‘rsatayotgan harbiy va siyosiy yordami uchun minnatdorlik bildirdi.

«Biz Javelin majmualaridan tortib Patriot tizimlarigacha bo‘lgan har bir qo‘llab-quvvatlash qadamini qadrlaymiz», — dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti suhbat chog‘ida Trampni 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan ham tabriklagan. Zelenskiy muloqotni «ajoyib suhbat» deb baholab, tomonlar urushning kelib chiqish sabablari, diplomatik imkoniyatlar va xalqaro hamkorlarning pozitsiyalarini muhokama qilganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Qrimning Rossiya tomonidan anneksiya qilinishi butun mojaroning boshlanish nuqtasi bo‘lganini ta’kidlagan. Zelenskiy mazkur fikrni muhim siyosiy bayonot sifatida baholadi.

Ayni paytda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi. Kreml rahbari yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qilishicha, suhbat 55 daqiqa davom etgan va unda xalqaro vaziyat, Rossiya—AQSh munosabatlari hamda Ukrainadagi urush muhokama qilingan.

Ushakovning aytishicha, Tramp harbiy harakatlarni to‘xtatish zarurligini yana bir bor ta’kidlagan. Shu bilan birga, urush qanchalik tez yakunlansa, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyati paydo bo‘lishini bildirgan.

Kreml ma’lumotiga ko‘ra, suhbat davomida Eron atrofidagi vaziyat ham muhokama qilingan. AQSh prezidentining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner yaqin vaqtlarda Rossiyaga tashrif buyurishi ham kelishib olingan.

15–17 iyun kunlari Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida o‘tadigan G7 sammitida Ukrainadagi urush, xalqaro xavfsizlik, energetika va global iqtisodiyot masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid