Sport | 16:25 / 06.08.2018
30993
2 daqiqa o‘qiladi

Ektor Kuper: «Bu lavozimga kelishimga bevosita davlat rahbarining ham hissasi bor»

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Bugun, 6 avgust kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan argentinalik mutaxassis Ektor Kuper ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Mutaxassisning aytishicha, u murabbiy sifatida O‘zbekiston termasi misolida o‘ziga chaqiriqni ko‘rgani sabab bu yerda ishlashga qaror qilgan.

«O‘zbekistonga kelganimdan juda ham xursandman. O‘zbekiston terma jamoasi menda motivatsiya uyg‘ota olgani uchun bu taklifga rozilik berdim. Mendan ko‘p narsani kutayotganingizni bilaman. Ko‘plab savollar ham tayyorlab qo‘ygansiz. 

Hozir biz katta yo‘lning boshida turibmiz, manzilgacha sekin-asta yetib boramiz. Hammamiz yaxshilab tanishib olib, birgalikda O‘zbekiston termasi uchun eng yaxshi natijani qayd etishga harakat qilamiz», - deya ta'kidladi Ektor Kuper.

Argentinalik murabbiy o‘ziga davlat darajasida ahamiyat qaratilayotganini his qilganini ham ta'kidladi.

«Meni juda ajoyib tarzda kutib olishdi. Bu yerga kelib, terma jamoa bosh murabbiyi sifatida ishlay boshlashimga nafaqat federatsiya prezidenti va boshqa rahbarlari, balki bevosita davlat rahbarining ham hissasi bor, deb hisoblayman.

Qo‘limizdan kelgan hamma ishni qilamiz. Ko‘zlagan maqsadlarimizning hammasiga birdan erishib bo‘lmaydi. Muvaffaqiyat vaqt talab qiladi. Birinchi navbatda barchamiz bitta g‘oya atrofida birlashgan jamoani shakllantiramiz.

Murabbiy va futbolchilar o‘rtasida hamkorlik chuqur tus olishiga ishonaman, bu – eng muhimi», - dedi Ektor Kuper.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘FA hamda murabbiy o‘rtasida imzolangan shartnoma tafsilotlari ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid