O‘zbekiston | 09:47 / 08.08.2018
4816
6 daqiqa o‘qiladi

Davlat xaridlariga doir tender hujjatlari, texnik vazifalar va kontraktlar qachon ekspertizadan o‘tkaziladi?

Foto: aktobetimes

Prezidentning 19.07.2018 yildagi PQ–3874-son qarori bilan Loyiha boshqaruvi milliy agentligi huzuridagi Markazda ko‘rsatilgan hujjatlarni kompleks ekspertizadan va ro‘yxatdan o‘tkazish holatlariga tuzatish kiritildi, deb yozmoqda Norma.   
 
Tender hujjatlari va texnik vazifalar
 
Ma'lumot uchun:
 
tender hujjatlari – tenderni tashkil etish va uni o‘tkazish tartib-taomili shartlari to‘g‘risidagi boshlang‘ich axborotni, shuningdek tenderga qo‘yiladigan tovarning (ishning, xizmatning) kvalifikatsiya, texnik, narxiga oid va boshqa xususiyatlarini o‘z ichiga olgan hujjatlar paketi;
 
texnik vazifa (TIA/TIH ishlab chiqish uchun texnik vazifa bilan adashtirmang) –tovarning (ishning, xizmatning) asosiy maqsadi, uning xususiyatiga oid davlat buyurtmachisining talablari, boshlang‘ich ma'lumotlar, davlat tomonidan xarid qilishning maqsad va vazifalari tavsifi, tovarni yetkazib berish, ishlarni bajarish, xizmatlarni ko‘rsatish muddatlari, sifat kafolati, hisobot tavsifi va hajmi, shakllari (zarur bo‘lganda), tovarga (ishlarga, xizmatlarga) qo‘yiladigan talablar asoslanishi, ekvivalent ko‘rsatkichlar, iqtisodiy, boshqa maxsus talablarni o‘z ichiga olgan hujjat.
 
Endi Davlat tomonidan tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilish uchun tender hujjatlarini va texnik vazifalarni kompleks ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda (20.02.2018 yildagi PQ–3550-son qarorga 2-ilova) belgilanishicha, Markazda quyidagilar ekspertizadan o‘tkazilishi lozim:
 
a) bitta shartnoma bo‘yicha quyidagi miqdordan oshadigan davlat xaridlariga doir tender hujjatlari:

• 6 ming EKIH, byudjyet buyurtmachisi tomonidan amalga oshiriladigan (ilgari – ekv. 100 ming AQSh dollari);
• 25 ming EKIH, korporativ buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladigan (ilgari – ekv. 500 ming AQSh dollari).
 
Bunda aniqlik kiritilgan: korporativ buyurtmachi davlat xaridini byudjyet mablag‘lari hisobiga amalga oshirayotgan bo‘lsa, korporativ buyurtmachiga mazkur xarid doirasida byudjyet buyurtmachisi sifatida qaraladi;
 
b) texnik vazifalar:

• 5 ming EKIHdan ortiq miqdordagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) davlat tomonidan xarid qilish uchun (ilgari – 100 ming AQSh dollari);
• ekv. 50 ming AQSh dollaridan ortiq miqdordagi, strategik xarid qiluvchi, shuningdek ustav fondida (kapitalida) strategik xarid qiluvchining ulushi bo‘lgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladigan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) davlat tomonidan xarid qilish uchun (o‘zgartirishsiz qoldirilgan).
 
Bunda aniqlik kiritilgan: yagona yetkazib beruvchilar yoki agentlar orqali tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) davlat tomonidan xarid qilishga texnik vazifalar bevosita buyurtmachilar tomonidan yagona yetkazib beruvchilar yoki agentlar bilan kelishgandan so‘ng ekspertizadan o‘tkazish uchun Markazga kiritiladi.  
 
Kontraktlar
 
Kontraktlarni ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (20.02.2018 yildagi PQ–3550-son qarorga 3-ilova) kiritilgan tuzatishlarga muvofiq, quyidagilar ekspertizadan va ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim: 
 
a) ekv. 50 ming AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan miqdordagi, strategik xarid qiluvchilar, shuningdek ustav fondida (kapitalida) strategik xarid qiluvchilarning ulushi bo‘lgan tashkilotlar tomonidan tuziladigan kontraktlar, import kontraktlari va ularga qo‘shimcha bitimlar (ilgari – qo‘shimcha bitimlarni ekspertizadan va ro‘yxatdan o‘tkazish zarur yoki zarur emasligi savol tug‘dirayotgan edi). Bunda kontraktlar, import kontraktlari qiymati qo‘shimcha bitim summasining 0,1%i miqdorida oshgan taqdirda, qo‘shimcha bitimlarni kompleks ekspertizadan o‘tkazganlik uchun haq to‘lanadi;
 
b) ekv. 100 ming AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan miqdordagi, byudjyet va korporativ buyurtmachilar tomonidan tuziladigan import kontraktlari va ularga qo‘shimcha bitimlar (ilgari – xarid qilish manbalari: byudjyet mablag‘lari, maqsadli jamg‘armalar, tashqi qarzlar va boshqalarga qarab belgilangan);

v) ekv. 100 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan miqdordagi, byudjyet tizimining byudjyetlari, O‘zbekistonni rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi, shuningdek O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga tuziladigan import kontraktlari va ularga qo‘shimcha bitimlar (ilgari – rivojlantirish davlat dasturlariga, yoxud Prezident va Hukumat qarorlariga kiritilgan loyihalar doirasidagi kontraktlar, hatto xususiy investorlar tomonidan moliyalashtirilganda ham, ekspertizadan o‘tkazilishi lozim edi).
 
Qachon ekspertizadan va ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi

Ayrim turdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) davlat tomonidan xarid qilishga tender hujjatlari va texnik vazifalarni ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek ayrim kontraktlar, import kontraktlarini ekspertizadan va ro‘yxatdan o‘tkazish talabining mavjud emasligi bu hollarda tegishli xarid tartib-taomillarini o‘tkazish majburiyatini bekor qilmaydi.
 
Hujjat boshqa bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalarni o‘z ichiga olgan hamda 23.07.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid