O‘zbekiston | 20:20 / 08.08.2018
7432
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda biologik eruvchan paketlar ishlab chiqariladi

Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq murojaatlarni qabul qiluvchi @Uzwastebot tizimi ishga tushirildi.

Respublika Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida tashkil etilgan anjumanda Axborot-kommunikatsion texnologiyalarni rivojlantirish sho‘basi boshlig‘i Ruslan Yoqubov ushbu yangi tizim haqida batafsil ma'lumot berdi: «Endilikda fuqarolarimiz maishiy chiqindilar bilan bog‘liq shikoyatlarini Telegram messenjerida faoliyat yurituvchi @Uzwastebot tizimiga foto, audio, video ko‘rinishidagi xabarlarni 24 soat davomida jo‘natishlari mumkin. Ushbu murojaatlar yagona tizimga kelib tushadi va hal qilish choralari ko‘riladi. Tizimning afzalliklari: fuqarolar va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda shaffoflikni ta'minlaydi va jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi.

Internet tarmog‘i mavjud bo‘lmagan chekka hududlarda yashovchi aholi uchun ham qulayliklar yaratilgan. Ular qo‘mitaning (071) 236-26-66 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Shuningdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining rasmiy veb-sayti – my.nature.uz saytida bir qator yangi funksiyalar paydo bo‘ldi. Ulardan biri respublikadagi barcha chiqindixonalarning joylashuvi haqidagi elektron ma'lumotlar bazasi shakllantirildi. Xarita orqali yashayotgan hududingizda qancha chiqindixona shoxobchasi borligini bilib olishingiz mumkin», deya uning so‘zlarini keltirmoqda «Kun.uz» muxbiri.

Tadbir davomida yana bir qator sohaga oid yangiliklar, statistikalar taqdim etildi. Jumladan, 2019 yildan boshlab biologik eruvchan paketlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda Janubiy Koreyaning «Poscodaewoo» kompaniyasi va polietilen paketlar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar o‘rtasida shartnoma tuziladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid