Jamiyat | 17:22 / 11.08.2018
19018
5 daqiqa o‘qiladi

Farzandi haqi. Unga xiyonat qilish insoniylikka xos emas

Foto: Paypey

Bu hayotda har bir kishi chin insoniy baxt-saodat, farzandlar mehrini, avvalo, oilada chuqur his etadi, bu bebaho ne'matlardan kuch-quvvat olib yashaydi. Shu boisdan ham, xalqimiz azaldan oilani muqaddas bilib, uni turli xil xavf-xatar va illatlardan himoya qilib kelgan.

Shuning barobarida, oi­la­viy qadriyatlarga bepisandlik bilan qa­rash, farzandlar oldidagi mas'uliyat­ni his etmaslik hech qachon izsiz ketmaydi. Buni quyidagi misollar ham to‘liq tasdiqlaydi.

Mirishkor tumanida yashovchi (ism-familiyalar o‘zgartirildi) Jamshid hamqishlog‘i Gulnozaga ko‘ngil qo‘yib uylandi. Biroq bir yostiqqa bosh qo‘yish niyatida turmush qurayotgan yoshlar to‘y tadorigi oldidan qonuniy nikohdan o‘tishni negadir xayollariga keltirishmadi. Bunga ota-onalari ham e'­tiborsiz qa­rashdi.

Ular "hali to‘ydan so‘ng nikohdan o‘tishga ulgurishadi", deb qo‘­yishdi.

Buni qarangki, avval-boshdanoq omonat qurilgan bu oila ko‘p o‘tmay darz ketdi. Har kungi mojarolardan bezgan Gulnoza homilador holda ota uyiga qaytib keldi.

Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘yning bu yosh oilani saqlab qolish uchun qilingan barcha urinishlari ham zoye ketdi.

Bu orada ularning farzandi Dilso‘z dunyoga kelgach, tabiiyki, chaqaloqqa guvohnoma olishda muammo tug‘ildi. Nega­ki, ular hali-hanuz qonuniy nikohdan o‘tmagandi.

Shundan so‘ng Gulnoza farzandini yol­g‘iz ona sifatida o‘z familiya­siga hujjatlashtirishga majbur bo‘l­di. Afsuski, Jamshid farzandi tug‘ilgandan so‘ng ham insofga kelmadi. Aniqrog‘i, u otalik mas'uliyatini mutlaqo unutib qo‘ydi.

Shundan so‘ng G. Ahmedova sudga da'vo arizasi bilan murojaat qildi.

Shu o‘rinda ikkinchi bir misolga e'tibor qaratsak, ushbu tumanning Maymanoq qishlog‘ida istiqomat qi­luvchi Adham ham shar'iy nikoh asosida turmush o‘rtog‘i Dildora bilan atigi bir yil yashadi. Bu qis­qa muddat mobaynida Adhamning kimligi ayon bo‘lib qoldi. Sababi, u bir joyda yolchitib ishlamas, ustiga-ustak, ba'zan ichib kelib, Dildorani nojoiz so‘zlar bilan ha­qoratlar, hatto unga qo‘l ko‘tarishgacha borib yetardi.

Qisqasi, ichkilik tufayli o‘zaro munosabatlarga sovuqchilik tusha boshladi.

Nosog‘lom turmush tarzi tufayli yana bitta oila barbod bo‘ldi.

Buni qarangki, Adham o‘z farzandini tan olishni istamadi. Noiloj qolgan Dildora esa, o‘z familiyasida bo‘l­gan Tal'atbekka nisbatan Adham Nosirovning otaligini belgilash hamda uning moddiy ta'minoti uchun aliment undirish maqsadida sudga murojaat qil­di.

Sud har ikki da'vo talablarini at­roflicha muhokama etib, ularni qanoatlantirishni lozim topdi.

Chunonchi, Oila kodeksining 62-moddasi 3-qismida "otalikni belgilayotganda, sud bolaning onasi bola tug‘ilganiga qadar javobgar bilan birga yashagani va umumiy ro‘z­g‘or yuritgani yoki ular bolani birgalikda tarbiyalashgani yoki javobgarning otalikni tan olmaganini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillar e'tiborga olinishi" belgilangan.

Shuningdek, Oila kodeksining 99-moddasiga ko‘ra, agar voyaga yetmagan bolalarga ta'minot berish haqida ota-ona o‘rtasida o‘zaro kelishuv bo‘l­masa, ularning ta'minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi yoki boshqa daromadining bir bola uchun to‘rt­dan bir qismi miqdorida undiriladi.

Sud yuqoridagi qonun talablaridan kelib chiqib, javobgar J. Nasimov hamda A. Nosirovning voyaga yetmagan farzandlari Nasimova Dil­so‘z Jamshid qizi hamda Nosirov Tal'atbek Adham o‘g‘liga otalikni belgilash barobarida, har ikki javobgarlardan farzandlari ta'minoti uchun da'vogarlar G. Ahmedova va D. Rajabovalar foydasiga aliment undirish xususida hal qiluv qarori qabul qildi.

Oila — jamiyat asosidir. Shunday ekan, oila qurish ostonasida turgan har bir yigit-qiz, eng avvalo, komil farzandlarni dunyoga keltirib, ularni tarbiyalashni niyat qilar ekan, umr yo‘llarida bunga rioya etsalar, bolalarini mehr ardog‘ida voyaga yetkazsalar, kelgusida, albatta, buning shirin mevasini totishadi. Aksincha, oilaviy qadriyatlarga nopisandlik bilan qarab, farzand­lar oldidagi mas'uliyatni unutish insoniylikka xos emas.

Muzaffar Raupov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumani sudining raisi

Mavzuga oid