Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, oliy ta'lim uzluksiz ta'lim tizimining mustaqil turi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq oliy ta'lim muassasalarida umumiy o‘rta (11 sinf) va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi hamda ushbu nizom asosida amalga oshiriladi.

Oliy ta'lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: 

oliy ta'limni iqtisodiyotning tarmoq va sohalari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilganligi;
ta'lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;
oliy ta'limni umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limlar bilan uzluksizligi va uzviyligi;
ta'lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;
davlat ta'lim standartlari doirasida ta'lim olishning hamma uchun ochiqligi;
ta'lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;
bilimli bo‘lishni va iste'dodni rag‘batlantirish;
oliy ta'lim tizimida davlat va jamiyat boshqaruvini uyg‘unlashtirish;
oliy ta'lim, fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash.

Qayd etilishicha, oliy ta'limning asosiy maqsadi mamlakatning istiqbolini hisobga olgan holda zamon talablariga javob bera oladigan malakali, raqobatbardosh, yuksak bilimli, respublikaning ilm-fan, madaniyat, iqtisod, ijtimoiy sohalarini rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shadigan, mustaqil fikrlay oladigan, yuksak ma'naviyatga ega bo‘lgan yuqori salohiyatli mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

Oliy ta'limning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

davlat ta'lim standarti, malaka talablari, o‘quv reja va o‘quv fan dasturlarga muvofiq o‘qitish sifatini ta'minlash;
o‘quv jarayonini (amaliyot, stajirovka) kadrlar iste'molchilarining takliflarini inobatga olgan holda tashkil etish;
oliy malakali mutaxassislar, shuningdek  ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;