Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bosh vazir umumxalq hasharini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadni ma'lum qildi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov joriy yilning 18-19 avgust kunlari mamlakatda umumxalq hasharini tashkil etish bo‘yicha tegishli topshiriqlarni bildirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Bosh vazir ishtirokida 14 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Mustaqilligining 27 yilligi va yaqinlashib kelayotgan Hayit bayramlarini munosib nishonlash, umumxalq hashar ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
«Bir marta bo‘ladi, «o‘tadi-ketadi», degan gapni yig‘ishtiraylik, iltimos. Hashar an'anaviy urf-udum, uni to‘g‘ri anglab, targ‘ib etib borish kerak. Yoshlar ongida «Obodlik ko‘ngildan boshlanadi» degan g‘oyani chuqur singdirish, o‘z uyini, mahallasini, ish joyini toza, ozoda saqlash, uni obod bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shish, bu jarayonlarga mahalla aholisi, korxona va tashkilotlar ishchi-xodimlarini uyushgan holda, jamoa bo‘lib ishtirok etish choralarini ko‘rish lozim bo‘ladi», deb ta'kidlagan Bosh vazir.
Abdulla Aripov hasharga ijtimoiy muassasa xodimlarini majburan jalb etish, umuman azaliy qadriyat sifatida shakllangan hashar ishlariga kishilarni majburan jalb etish kabi tushuncha bo‘lmasligi haqida ogohlantirdi.
«Hashardan maqsad shahar ko‘chalarini tozalab olish emas. Bu kabi obodonlashtirish ishlarini tashkil etishga davlatning qudrati yetarli. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad - xalqni bir-biriga yaqin qilish, bu majburiy mehnat emas, balki yoshlarga tarbiya berib, kichiklarga o‘rnak ko‘rsatish mahali», deydi u.
Abdulla Aripov shu o‘rinda Toshkentda professional sportchi va tungi klub qo‘riqchilari bilan yuz bergan voqeani ta'kidlab, yoshlarning tarbiyasi va ma'naviy olamini yuksaltirishda katta yoshdagi kishilarning yo‘l-yo‘rig‘i zarurligini bildirdi.
«Ota bobosining mozordagi qabrini unutib, bir yilda ikki marta Hayit kunlari eslab qoladiganlar bor. Unutmang, hammamizning borar joyimiz o‘sha mozor, agar bolalaringiz sizdan keyin haqqingizga duo qilib, qabrlarni qarovsiz qoldirmay, yurtni obod qilishini istasangiz, marhamat, o‘rnak bo‘ling. O‘rgating, ko‘rsatib bering», deb murojaat qildi Abdulla Aripov hukumat va Vazirlar Mahkamasi a'zolariga.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ixtiyoriy-majburiy hashar taqiqlanadi. Shu masala yuzasidan 2018 yil 10 may kuni Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-sonli qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, hokimlar, barcha darajadagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga fuqarolarni, jumladan, ta'lim, sog‘liqni saqlash muassasalari boshqa byudjyet tashkilotlari xodimlarini, ta'lim muassasa o‘qituvchilari va talabalarni majburiy mehnatga obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, metall chiqindilar va makalatura yig‘ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olish va chek qo‘yishga, bunday holat ro‘y berganda esa huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berish vazifalari yuklatilgandi.
Mavzuga oid
22:53 / 13.04.2026
Rossiya O‘zbekistonga neft va gaz yetkazib berish hajmini oshirishini ma’lum qildi
21:06 / 27.03.2026
O‘zbekiston 2026 yilda sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushirishga tayyorlanmoqda
19:01 / 02.03.2026
Fors ko‘rfazi davlatlaridagi o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilinadi
20:55 / 17.02.2026