Sport | 16:52 / 14.08.2018
15607
2 daqiqa o‘qiladi

Ravshan Haydarov: «Bangladeshliklar ikkinchi bo‘limda charchab qolishdi»

O‘zbekiston - Bangladesh (3:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida birinchi bo‘lib g‘olib jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov ishtirok etdi. O‘FAning ma'lum qilishicha, unga yarim himoyachi Ikrom Aliboyev hamrohlik qilgan.

«Avvalo muxlislarimizni musobaqa startidagi yirik g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin to‘liq nazoratimiz ostida o‘tdi. To‘p bilan ko‘proq muomalada bo‘ldik. Hisob ham shunga yarasha bo‘ldi. Birinchi o‘yindagi g‘alaba nihoyatda muhim edi. Buni uddalay olganimizdan xursandman.

Bangladesh terma jamoasi ayniqsa birinchi bo‘limda juda iliq taassurot qoldirdi. Bir necha xavfli qarshi hujumlar tashkil etishdi. Ammo tan olish lozim, bangladeshliklar ikkinchi bo‘limda biroz charchab qolishdi. Biz o‘yinga rejalashtirgan strategiyani to‘liq bajardik, deb ayta olaman», - dedi Haydarov.

«Qatar va Tailand termalariga qarshi navbatdagi o‘yinlarga ham reja asosida tayyorgarlik ko‘ramiz. Musobaqa taqvimi ancha zich tuzilgan. Biz ham shundan kelib chiqib tayyorgarlik rejasini ishlab chiqqanmiz. Navbatdagi bahslarda ham g‘alaba qozonib, muxlislarimizni hursand qilish niyatidamiz», - deya ta'kidladi bosh murabbiy.

O‘yindagi 3-gol muallifi Ikrom Aliboyev ham muxlislarni ushbu g‘alaba bilan tabrikladi.

«Har doim birinchi o‘yin qiyin bo‘ladi. Hozir hamma futbol o‘ynashni o‘rganib olgan. Buni bugungi o‘yin ham ko‘rsatib berdi. O‘yin avvalida biroz qiynaldik, ammo keyinchalik nazorat to‘liq biz tomonga o‘tdi. O‘zbekistonlik futbol muxlislarini ushbu g‘alaba bilan tabriklab qolaman», - dedi «Lokomotiv» yarim himoyachisi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid