Jamiyat | 20:08 / 17.08.2018
3532
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mukofot jamg‘armasi taxminan 250 ming dollar bo‘lgan «Blogerlar jahon chempionati» o‘tkaziladi

O‘zbekistonda blogerlikni yanada ommalashtirish, jahon miqyosiga olib chiqish, O‘zbekiston imijini yuksaltirish uchun yaqin kunlarda «Blogerlar jahon chempionati» tashkil etiladi. Bu haqda «Kun.uz» muxbiri O‘zbekiston mustaqil ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi rahbari Said-Abdulaziz Yusupovga asoslangan holda xabar bermoqda.

Chempionatda dunyo bo‘yicha istalgan bloger qatnashishi mumkin bo‘ladi. Til masalasi bo‘yicha cheklov qo‘yilmaydi. Ishtirokchilar «O‘zbekiston haqida eng yaxshi blog» nominatsiyasi bo‘yicha bellashadi.

Birinchi o‘rin uchun mukofot puli taxminan 50 ming AQSh dollari atrofida bo‘lishi, chempionatning sovrin jamg‘armasi esa 250 ming dollar atrofida bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Milliy matbuot markazida jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda internetning milliy segmentini o‘rganish va samarali rivojlantirish, mazkur sohada faoliyat yuritib kelayotgan OAV vakillari malakasini oshirish masalasi muhokama qilingan. Anjumanda ijtimoiy muammolarni yoritishda jurnalistlarning faol emasligini tanqid ostiga olingan, elektron OAV faoliyati jadallashayotgani bilan bir qatorda bosma OAV aholiga sifatli va tezkor axborot yetkazib bera olmayotgani ham aytib o‘tildi. 

Jamoat fondi rahbari bosma nashrlarning eng asosiy uch kamchiligini sanab o‘tgan.

«Birinchidan, logistika (kurerlik xizmati): bosma nashrlar o‘quvchilar qo‘liga vaqtida yetib bormayapti. Ikkinchidan, marketing boshqaruvi. Uchinchidan, dizayn. Ushbu muammolar bartaraf etilsagina, xalq bosma nashrlarni ko‘proq o‘qishi mumkin. Fond tomonidan buni hal etish masalasi bo‘yicha alohida chora-tadbirlar majmui ishlab chiqilmoqda», degan u.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprelidan iyunigacha o‘zbekistonlik blogerlar o‘rtasida mukofot jamg‘armasi 60 million so‘mlik «Blogerlar chempionati» bo‘lib o‘tgandi. Bu chempionatdan maqsad o‘zbek tilida blog yuritayotgan barcha ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan o‘zbekistonliklarni to‘plash va shu orqali blogerlar bilan ijtimoiy hamkorlikni o‘rnatish bo‘lgandi. 14 iyun kuni g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid