«Onam maktabda a'lochi bo‘lgan. O‘qituvchi bo‘lish orzusida 1989 yilda Qarshi shahridagi pedagogika oliygohigao‘qishga topshirgan ekan. Bilasiz, u paytlarda imtihonlar test shaklida bo‘lmagan. Asosan, yozma va og‘zaki shaklda bir necha bosqichda o‘tkazilgan. Onam so‘nggi bosqich savolidan tashqari, hammasidan yaxshi o‘tgan ekan.

— Oxirgisi juda qiyin savol bo‘lgandir-da! — desam, dugonam kuldi:

— Eng qizig‘i, u juda oson savol bo‘lgan ekan. Onamdan O‘zbekistondagi madaniy yodgorliklardan misol keltirish so‘ralgan. Aftidan, o‘sha kezlarda yurtimizga mustaqillikning ilk nashidalari kirib kela boshlagan. Onam o‘qigan dasrliklarda esa xalqimizning tarixiy merosi u yoqda tursin, qaytaga o‘tmishimizni bizga qoralab ko‘rsatishgan ekan. Onam bironta ham tarixiy obidani, hatto o‘zi yashayotgan hududdagi Oqsaroyni ham eslay olmagan ekan..»

Otasini tanimagan bola kimga ergashishni bilmagani kabi, ajdodlaridan meros azaliy qadriyatlarni anglamagan millat ham osongina yot madaniyatlarga tobe bo‘ladi. Tarixiga, madaniyatiga sodiq qolgan xalqgina yer kurrasida o‘z nomini, tilini, e'tiqodini saqlab qoladi.

Ajdodlarimizdan bizga qolgan merosni baholashning imkoni yo‘q. Buyuk tariximizdan muhtasham obidalar, go‘zal asarlar, ohanrabo kuylar qolgan. Qadim-qadimdan yuraklarni o‘rtab kelayotgan munojot kabi dillarni sel qiluvchi navolarimizni hali-hanuz dunyo xalqlari sevib tinglashadi. Maqom san'atining gultoji bo‘lgan «Shashmaqom»ning YuNeSKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e'tirof etilgani va uning reprizentativ ro‘yxatiga kiritilgani bejiz emas. «Shashmaqom»ning har bir kuyi qalblarning eng mudroq hislarini ham uyg‘otib yuboradi, xotiralar qatida qolgan damlarni yodga soladi, o‘ylantiradi...

Afsuski, bugungi axborot asrida betakror maqom kuylarimizdan uzoqlashgandekmiz. Har turli yengil-yelpi kuy-qo‘shiqlar didimizni o‘tmaslashtirib, barhayot navolarni unutishimizga sabab bo‘layotgani ham haqiqat.

Prezidentimiz o‘tgan yili Sohibqiron bobomiz tug‘ilgan yurt — Shahrisabzda bo‘lib, Oqsaroyni ziyorat qilganlarida, tarqoq maqomlarimiz birlashib, «Shashmaqom» dunyoga kelgan davr aynan sohibqiron Amir Temur bilan bog‘liqligini e'tirof etib, Shahrisabzni qadimiy merosimiz bo‘lgan maqomlarni dunyoga taratish uchun eng maqbul joy deya tanladilar. 2017 yilning 17 noyabrida qabul qilingan «O‘zbek milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, Shahrisabz shahrining Oqsaroy maydonida har ikki yilda Xalqaro maqom san'ati anjumani o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.