Maktabgacha ta'lim tizimida qanday yutuqlarga erishildi?
Maktabgacha ta'lim vazirligi (MTV) yangi o‘quv yili arafasida “2018–2019 o‘quv yilida maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishining strategik ustuvorliklari – hammaboplik va sifat” mavzuidagi anjumanini o‘tkazdi. 27 avgust kuni respublika Maktabgacha ta'lim muassasalari (MTM)ning pedagog va rahbar xodimlari ishtirokida birinchi yillik konferensiya o‘tkazildi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi.
Nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari rahbarlari, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkentdagi Puchon (Janubiy Koreya) universiteti filiali, shuningdek YuNeSKO, YUNISEF va Jahon banki vakillari tadbir mehmoni bo‘lishdi.
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin o‘z chiqishida MTVning shu kunga qadar erishgan yutuqlarini qayd etib o‘tdi:
- 27 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish orqali maktabgacha ta'lim tizimining huquqiy bazasi yaxshilandi;
- MTM moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda va tarmog‘i kengaytirilmoqda. 2018 yilda ta'mirlanayotgan maktabgacha ta'lim muassasalari soni 2017 yildagiga nisbatan qariyb 3 barobarga (105 taga nisbatan 298 ta), yangi qurilish obektlari soni esa 2 tadan 40 taga oshdi;
- Nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘i kengaymoqda, ularning soni 568 taga yetdi;
- Davlat-xususiy sektor sherikchiligi tamoyili asosida tashkil etilgan maktabgacha ta'lim muassasalari soni jadal ortmoqda – bugungi kungacha davlat-xususiy sektor sherikchiligiga doir 741 ta kelishuv imzolandi;
- Pedagoglar va tarbiyachilar malakasini oshirish ishlari o‘tkazilmoqda. 2018 yilda 9 mingdan ziyod xodim qayta tayyorlandi;
- “Bolani maktabgacha ta'lim muassasasiga navbatga qo‘yish” interaktiv xizmati yo‘lga qo‘yildi;
- Maktabgacha ta'lim pedagoglari bazaviy tarif stavkalari 2 barobarga oshirildi;
- Hisobotlar hajmi sezilarli darajada qisqartirildi;
- Maktabgacha ta'lim boshqaruvi axborot tizimi (EMIS) joriy etildi.
"Maktabgacha ta'lim muassasasi – bu o‘ziga xos olam, unda bolalar, ota-onalar, tarbiyachilar va xodimlar manfaatlari to‘qnash keladi. Biz har bir maktabgacha ta'lim muassasasida bola o‘zini qulay, xavfsiz va manzur sezishi uchun uchun barcha ishlarni birgalikda amalga oshirishimiz lozim, toki bola u yerga quvonch bilan qatnasin”,– deydi maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin.
Sessiya Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi 34-sonli va 164-sonli maktabgacha ta'lim muassasalarida o‘tkazildi, u yerda olti mavzudagi maydonlar tashkil etildi:
- Autsorsing uslubida bolalar uchun sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish;
- Maktabgacha ta'lim muassasasida innovatsion ta'lim muhitini tashkil etish;
- OpenEMIS ta'lim boshqaruvi axborot tizimini joriy etish;
- Tabiatda ta'lim faoliyatidan lavha;
- Maktabgacha ta'lim muassasalaridagi tarbiya-ta'lim jarayonlarida multimedia texnologiyalarini qo‘llash;
- Maktabgacha ta'lim muassasalaridagi rivojlantirish markazlarini jihozlashga ijodiy yondashuv.
Ta'kidlash joizki, mazkur maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati namuna sifatida ko‘rsatildi. Bu yerda butun O‘zbekistondan tashrif buyurgan MTM rahbarlari uchun mahorat darslari o‘tildi. Ularda innovatsion usullar bilan bir qatorda pedagoglarga qo‘l ostidagi buyumlardan yasalgan o‘yinchoqlardan foydalanib, bolalarni ta'lim jarayoniga qiziqtirish usullari namoyish etildi.
Tadbir o‘tgan davrga yakun yasash, “o‘sish nuqta”larini belgilash va kelgusi o‘quv yili uchun asosiy vazifalarni belgilash imkonini berdi. Konferentsiya maktabgacha ta'lim sohasida davlat siyosatini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun samarali bahs-munozara maydoni bo‘ldi.
Unda qatnashgan viloyatlar maktabgacha ta'lim muassasalari rahbarlari o‘zlari uchun ko‘p foydali ma'lumotlarga ega bo‘lganliklarini qayd etishdi. Olingan tajriba har bir mintaqa va maktabgacha ta'lim muassasasining sharoitidan kelib chiqib, amalda qo‘llanilishi ta'kidlandi.
Tadbir so‘ngida Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berdi. Bu haqida esa KUN.UZ'ning keyingi maqolalarida batafsil ma'lumot beriladi.
Mavzuga oid
20:40 / 09.07.2024
Agrippina Shin Toshkentdagi Puchon universitetiga rektor etib tayinlandi
09:28 / 24.03.2023
Agrippina Shin Maktabgacha ta’lim agentligi direktori etib tayinlandi
19:20 / 15.12.2022
Agrippina Shin: Tarbiyachilarning maoshini oshirish uchun yiliga 2,5 trln so‘m kerak
18:56 / 15.12.2022