Jamiyat | 16:08 / 28.08.2018
9256
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat bojxona qo‘mitasi firibgarlar bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati Internet tarmog‘ida Farg‘onada sodir bo‘lgan firibgarlarning bojxonaga ishga kiritib qo‘yish evaziga pora so‘ragani haqidagi xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi.

Bojxona organlariga aloqasi bo‘lmagan A. va B. ismli firibgar shaxslar mo‘may daromad orttirish maqsadida ba'zi ishonuvchan yurtdoshlarimizni chuv tushirib, go‘yoki ularni Farg‘ona viloyati boshqarmasiga ishga olib kiraman degan va'dalar bilan ulardan 4800 AQSh dollarini olgan vaqtida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Hozirda mazkur holat yuzasidan A. va B.larga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Bojxona organlari tizimida korrupsiya ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish, xalqning ishonchini mustahkamlash va davlat bojxona xizmati obro‘sini oshirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. 

Xususan, bojxona organlari safini kadrlar bilan jamlash ishlarini adolatli tashkil etish, bu jarayonda shaffoflikni ta'minlash maqsadida yangi tizim ishlab chiqildi.

Ommaviy axborot vositalariga e'lon berish, o‘quv muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazish orqali bojxona organlariga ishga kirish istagini bildirgan har bir fuqaroga tanlovdan o‘tish imkoniyati yaratib berildi. 

Endilikda, ishga kirish istagini bildirgan har bir nomzod bojxona organlarining tegishli xizmatlar mas'ul xodimlari bilan kollegial tarzda komissiya suhbatidan o‘tkazilmoqda. 

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan korrupsiyani oldini olish borasida muntazam tadbirlar o‘tkazilib, bojxonachi xodimi nomiga dog‘ tushirgan, o‘z xizmat vazifasini lozim darajada bajarmayotgan xodimlarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rilmoqda. 

Davlat bojxona qo‘mitasi davlat bojxona xizmati organlariga ishga kirish istagida bo‘lgan fuqarolar, xususan yoshlarga murojaat qilib, mazkur masala yuzasidan notanish kimsalar va firibgarlarning takliflariga aldanmay, faqat va faqat o‘zlari yashayotgan va doimiy ro‘yxatda turgan hududdagi Davlat bojxona qo‘mitasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi  boshqarmalari, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi va Milliy kinologiya markazining kadrlar bo‘limiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi.

Agar davlat bojxona xizmati organlariga ishga kirish va hujjatlar topshirish jarayonida bojxona xodimlarining yoki boshqa shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlariga duch kelinsa, Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyatini (0-371) 120-76-33 «Ishonch telefoni» orqali xabardor qilish so‘ralgan.

Murojaatlar anonimligi va qo‘ng‘iroq egasi tomonidan berilgan ma'lumotlar sir tutilishi kafolatlanadi.

Mavzuga oid