O‘zbekiston | 17:27 / 28.08.2018
14521
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Onkologik xastaliklarga shifo istab xorijga borishga hojat yo‘q

Joriy yil 28 avgust kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida «Elekta Infinity» firmasining zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasining o‘rnatilganligi munosabati bilan, uning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Ma'lumki, nur terapiya – onkologik bemorlarni davolashdagi asosiy usullardan biri hisoblanadi. U jarrohlik usuli bilan birga kombinirlangan va alohida shaklda qo‘llaniladi. Ushbu usul palliativ va simptomatik davo uchun ham ishlatiladi. Rivojlangan davlatlarda nur terapiya onkologik bemorlarning 60 foizdan ortig‘ini davolashda qo‘llaniladi. Markazning nur terapiya o‘tkazuvchi chiziqli tezlatkichi bilan ta'minlanishi esa yildan yilga rivojlanib, yangilanib borayotgan yangi texnologiyalarni amaliyotda qo‘llash imkonini beradi va nur terapiya o‘tkaziladigan bemorlar kontingentining ortishiga, ularning hayot sifati va davolash natijalarining yaxshilanishiga olib keladi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

– Ushbu noyob va zamonaviy uskuna jahonning yetakchi klinikalaridagina mavjud bo‘lib, O‘zbekistonda ham ilk bor onkologik bemorlarni mana shunday ilg‘or nur terapiya yordamida davolash imkoni yaratilmoqda. Zamonaviy nur terapiyaning o‘rni va imkoniyatlari juda keng bo‘lib, ushbu uskuna nishonga maksimal aniq davolovchi doza beradi va sog‘lom to‘qima hamda a'zolarning zararlanish ehtimolini keskin kamaytiradi, – deydi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov. –  Natijada, davolash samaradorligi ortadi, remissiya davri uzayadi, hayot sifati yaxshilanadi, nojo‘ya ta'sirlarning kamayishi hisobiga bemorlar nogironligi kamayadi, onkologik bemorlarning shifoxonada bo‘lish davri qisqaradi. Bunday samaralarga erishish uchun nur terapiyaning ushbu zamonaviy hajmli (3D) konformatsiyalash usuli dunyoning rivojlangan davlatlarida ham keng qo‘llaniladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

IMRT/VMAT uskunalarining qo‘shimcha ravishda yo‘llanilishi esa, hayot uchun muhim bo‘lgan a'zolarga doza yuklamasining keskin kamayishiga, nurdan keyingi asoratlar xavfining qisqarishiga va aniq jarayonga nisbatan optimal nur terapiya o‘tkazishga imkon beradi. Bugungi kunda bosh-bo‘yin, ko‘krak qafasi, qorin bo‘shlig‘i va kichik chanoq a'zolari o‘sma kasalliklarini davolashda rivojlangan davlatlarda ushbu texnologiya “oltin” standart hisoblanadi. Bundan tashqari, nur terapiyaning rotatsion uslubda tutamlar intensivligini modulyatsiya qilish  (VMAT) natijasida, uskunaning o‘tkazuvchanlik qobiliyati vaqtining 2-3 barobar qisqarishiga erishiladi. Bu esa, o‘z navbatida  o‘pka, prostata bezi kabi harakatchan a'zolardagi o‘sma nishonlarini davolashda juda muhimdir.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

 

Mavzuga oid