Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarining birinchi guruhi Italiyaga ishlash uchun jo‘nab ketdi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan pilot loyiha doirasida o‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimlari Italiyada ish faoliyatini boshlash uchun yo‘l oldi.
Foto: Migratsiya agentligi
Bu loyiha O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va tibbiyot sohasi mutaxassislariga Yevropa davlatlarida qonuniy hamda xavfsiz mehnat faoliyatini ta’minlashni maqsad qiladi.
Joriy yil may oyida Italiya bosh vaziri Jorja Meloni xonimning mamlakatga rasmiy tashrifi doirasida Migratsiya va mobillik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolangan edi.
Shuningdek, iyul oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumida ishtirok etgan Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana bilan uchrashuvi chog‘ida, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilingan.
Mazkur kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida Migratsiya agentligi rahbariyati Italiyaga xizmat safari chog‘ida Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana, Italiya Sog‘liqni saqlash vaziri Gvido Bertolazo hamda bir qator idora va kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar yakunida mehnat migratsiyasi bo‘yicha besh yillik hamkorlik rejasi tuzildi. Unga muvofiq, 2026 yilda 3,5 ming nafar o‘rta tibbiyot xodimlari tayyorlanishi rejalashtirilgan.

Pilot loyiha doirasida Toshkent va Samarqand shaharlaridan tanlab olingan 10 nafar o‘rta tibbiyot xodimi tilga tayyorgarliksiz sinov tariqasida yuqori maoshli 3 oylik ish faoliyatini Italiyada boshladilar. Ular ish jarayonida italyan tilini o‘rganish hamda mahalliy tibbiyot tizimiga moslashish imkoniyatlarini o‘rganadi.
Pilot dasturning asosiy maqsadi — O‘zbekiston va Italiya tibbiyot tizimlari o‘rtasidagi farqlarni tahlil qilish, ish usullarini taqqoslash va kelgusida samarali integratsiyani ta’minlashdan iborat. Shuningdek, italyan tiliga ko‘nikma va ishga moslashish davrini belgilash imkoniyati tug‘iladi.
Italiyalik mutaxassislar ham, o‘z navbatida, o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarining malakasini baholaydi. Sinov tariqasida yuborilgan ilk guruh O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng, kasb xususiyatidan kelib chiqib, hamkorlikda maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqiladi va keyinchalik Italiyada ishlash istagini bildirgan 3500 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari shu dastur asosida O‘zbekistonda o‘qitilib, Italiyaga ishga joylashtiriladi.
Mavzuga oid
10:40 / 24.01.2026
Germaniya va Italiya hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi
22:40 / 19.01.2026
Mashhur Valentino modalar uyi asoschisi vafot etdi
13:37 / 14.01.2026
Germaniya, Fransiya, Italiya va Britaniya Eron elchilarini TIVga chaqirdi
21:39 / 10.01.2026