Jamiyat | 19:29 / 29.08.2018
7915
4 daqiqa o‘qiladi

Atirdan tortib optik tolali kabellargacha. Bojxonachilar yana nimalarni to‘xtatib qolishdi?

Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan rangli metall parchalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Ichki ishlar idoralari vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Karmana tumanida fuqaro Q.B. boshqaruvida bo‘lgan “ISUZU” rusumli yuk avtomashinasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashina yukxonasida fuqaro Q.J tegishli alyumin va rux (sink) rangli metall chiqindilari borligi aniqlandi.

Ko‘zdan kechirish davomida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan rangli metall parchalarining og‘irligi salkam 1,7 tonnani, qiymati esa 5,3 mln. so‘mni tashkil qildi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi. “Sirdaryo” chegara-bojxona postida qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro N.J. boshqaruvidagi yengil avtomashina xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, avtomashinaga yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilinmagan turli o‘lchamdagi optik tolali kabellar, modem va boshqa lokal tarmoqlarni ulashda qo‘llaniladigan texnik vositalar ortilganligi ma'lum bo‘ldi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra ushbu tovarlarning taxminiy qiymati salkam 290 mln. so‘mni tashkil qildi.

Xuddi shu kuni mazkur postda Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda parfyumeriya vositalarining noqonuniy olib kirilishi fosh qilindi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Chet el fuqarosi boshqaruvidagi mikroavtobus xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, avtomashina yukxonasida og‘zaki savol-javob paytida bojxona inspektoriga ma'lum qilinmagan va yulovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 8 turdagi 1216 dona parfyumeriya vositalari ortilganligi aniqlandi. Mazkur tovarlarning umumiy qiymati 45,7 mln. so‘mdan ortiq ekan.

Eslatma: Jismoniy shaxslar tomonidan atir va atirsimon suyuqliklardan faqat 3 donagacha bojsiz olib kirish mumkin.

Namangan viloyati bojxona boshqarmasi. Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Yangiqo‘rg‘on tumanining chegaradosh hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, shu hududda “izg‘ib” yurgan fuqaro X.D boshqaruvidagi “Ford” rusumli yuk avtomashina tezkor kuzatuvga olindi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Avtomashina Andijon viloyati Baliqchi tumanida manziliga yetganda, to‘xtatilib xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Qarang-ki, shubhalar o‘z tasdig‘ini topdi. Avtomashina yukxonasida muqaddam qo‘shni davlatdan aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan va hech qanday hujjatlari bo‘lmagan turli tovarlar ortilganligi aniqlandi.

Jumladan, 1 dona suv nasosi, 248 dona xonadon isitish radiatorlari va uning ehtiyot qismlari, 2988 dona do‘ppi, 4488 dona tasbeh, 1200 dona ayollar soch to‘g‘nag‘ichlari, 554 dona parfyumeriya vositalari hamda 169 dona dori-darmonlar borligi aniqlandi.

Tadbir davomida noqonuniy yo‘llar bilan respublikamizga olib kirishda to‘xtatilgan yuqoridagi 7 turdagi tovar-moddiy boyliklarining umumiy qiymati 132 mln. so‘mni tashkil qildi va ashyoviy dalillar sifatida vaqtincha saqlovga olindi.

Mavzuga oid