O‘zbekiston | 15:53 / 06.09.2018
11940
4 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev xorijiy davlatlar elchilarining ishonch yorliqlarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 sentabr kuni Belarus Respublikasi, Malayziya hamda Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Leonid Marinich, Xendi Assan va Yazguli Mammedovdan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari elchilarni mamlakatimizda diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ushbu sharafli va mas'uliyatli vazifada ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Inson manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan mamlakatimizda barcha sohalarda bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik davlat barpo etish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani alohida ta'kidlandi.

Bunday tarixiy o‘zgarishlarning muhim samaralari tashqi siyosatda ham yaqqol ko‘zga tashlanayotgani qayd etildi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash va strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yish natijasida mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllandi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari mustahkamlandi, manfaatli va konstruktiv hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar ko‘paymoqda.  

O‘zaro savdo-iqtisodiy, investitsiya, kooperatsiya, madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda.

O‘zbekistonning jahondagi ko‘plab mamlakatlar, jumladan, yetakchi davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar bilan aloqalari sifat jihatdan yangi, yuqori bosqichga ko‘tarildi.

Prezidentimiz o‘z nutqida yangi elchilar vakili bo‘lgan davlatlar bilan do‘stlik va amaliy hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.

Mamlakatimizda Belarus Respublikasi bilan har tomonlama sheriklikni izchil kengaytirishga muhim ahamiyat qaratilayotgani ta'kidlandi.

Joriy yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 4 barobar oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Hududlararo aloqalar yo‘lga qo‘yilgan, gumanitar almashinuvlar faollashmoqda.

Davlatimiz rahbari Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekiston Respublikasiga bo‘lajak rasmiy tashrifi davlatlararo munosabatlarimiz tarixida yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston Malayziya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.

Siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiya, innovatsiya, energetika, transport, tibbiyot va boshqa sohalarda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta'kidlandi.

Bugungi kunda turizm sohasi, ayniqsa, ziyorat turizmi bo‘yicha samarali hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Prezidentimiz Turkmaniston bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan an'anaviy yaqin munosabatlar ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini alohida ta'kidladi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning joriy yil aprel oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan muvaffaqiyatli davlat tashrifi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda tarixiy voqea bo‘ldi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq, savdo, transport va tranzit, energetika, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda O‘zbekiston –Turkmaniston hamkorligi kengayib bormoqda. Mamlakatlarimiz chegaraoldi hududlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari va gumanitar almashinuvlar yanada faollashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yangi tayinlangan elchilarning boy tajribasi, bilimi va samarali diplomatik faoliyati mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash va o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O‘z navbatida, yangi tayinlangan elchilar samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini qayd etdi.

 

Mavzuga oid