Bugun, 7 sentabr kuni Tehrondagi sammitda Rossiya, Eron va Turkiya prezidentlari Suriyaning Idlib viloyatidagi qurolli mojaroni hal etishga harakat qilib ko‘rishadi. Bashar Asad armiyasi Rossiya va Eron ko‘magi bilan bu hududga bostirib kirishga hozirlanmoqda, Turkiya esa bunday harbiy amaliyot boshlanishiga qarshi chiqmoqda.

Ayni vaqtda Bashar Asad harbiylari Frotdan g‘arbda joylashgan, muxolifat nazoratida qolayotgan bu oxirgi viloyatga yaqinlashib kelmoqda. Hujum boshlanishi haqida ikki hafta muqaddam ilk xabarlar tarqalgandi. Lekin hozircha bu qonli amaliyot boshlanganicha yo‘q. Tahlilchilarning fikricha, bunga Turkiyaning pozitsiyasi sabab bo‘lmoqda.
Idlib Suriya shimoli-g‘arbida joylashgan va Turkiya bilan umumiy chegaralarga ega hisoblanadi. 2017 yil sentabrida Turkiya, Eron va Rossiya o‘rtasida tuzilgan kelishuvga ko‘ra, aynan Turkiya ushbu hududdagi xavfsizlik uchun kafil davlat etib tanlangan. O‘shanda Suriyaning boshqa hududlaridagi muxolifatchilar oilalari bilan birga shu hududga ko‘chirila boshlangandi.
2017 yilda belgilab olingan 4ta deeskalatsiya zonasidan 3tasida Bashar Asad armiyasi nazorat o‘rnatib bo‘ldi, endi Idlib muxolifat qo‘lida qolayotgan yagona viloyatdir.
Idlibga hujum g‘arb davlatlari hamda BMTning qarshiligiga ham duch kelgan. BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Stefan de Mistura ehtimoliy hujum ortidan hududda yirik gumanitar inqiroz yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Turkiya nimadan qo‘rqadi?
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li shu haftada Idlibga hujum mintaqada gumanitar vaziyatni beqarorlashtirishi mumkinligini aytib o‘tdi. U Turkiya Tehron sammitida bu hududda o‘t ochishni to‘xatish bo‘yicha erishilgan sulh buzilmasligiga erishish uchun harakat qilishini bildirdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya aviatsiyasining 4 sentabr kuni Idlibdagi hujumidan so‘ng Turkiya tomoni Rossiyaga bu hujum xato bo‘lganini uqtirgan.
Turkiya bu viloyatda vaziyat beqarorlashuvi ortidan o‘z hududiga yana yuz minglab qochqinlar kirib kelishidan xavfsiraydi. Ayni vaqtda Idlibda 3 millionga yaqin kishi istiqomat qiladi. Bundan tashqari, rasmiy Anqara chegara hududida joylashtirilgan va Suriya ozodlik armiyasi jangchilari bilan hamkorlikda kurdlarga qarshi hujumlar uchun tashkil etilgan platsdarmlari xavfsizligi haqida ham qayg‘urmoqda.



















