21:58 / 10.09.2018
14807

Dushanbeda ayollarga tegajog‘lik qilgan erkaklar jamoat ishlari bilan jazolanmoqda

Tojikiston ichki ishlar vazirligi ko‘chalarda ayollarni haqorat qilgan, ularga tegajog‘lik qilgan erkaklarga ma'muriy jazo qo‘llab, jamoat ishlariga jalb qilmoqda. Jazolanganlarning jamoat ishlari bilan “mashg‘ul bo‘lgan” suratlari ichki ishlar vazirligi saytida e'lon qilinmoqda.

Iyulda bir necha o‘nlab ayollar poytaxt meriyasiga “erkaklar tomonidan ularga nisbatan surbetlarcha, ularning sha'nini poymol qiluvchi va haqoratlovchi harakatlar sodir etilishi” yuzasidan murojaat qilishgan. Shundan keyin Dushanbe meri ushbu murojaat yuzasidan ishchi guruh tashkil etgan. Mahalliy politsiyaga ayollarning shikoyatlariga darhol munosabat bildirish buyurilgan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot markazi xodimi Nusratullo Saidzodaning ma'lum qilishicha, aksariyat shikoyatlar erkaklar va yigitlar tomonidan ko‘chalarda tegajog‘lik qilish va so‘kinish yuzasidan bildirilmoqda. Uning aytishicha, sudlar odatda bunday qoidabuzarlarga nisbatan 5 sutkadan 15 sutkagacha hibsga olish qarorini chiqaradi.

Shunday holatlardan birida tarvuz sotayotgan erkak 19 yoshli talaba qiz ortidan uni kamsituvchi gap qilgan. Qiz erkakni telefonga suratga olib, Dushanbe ichki ishlar bo‘limiga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan. Ertasi kuni erkak sudga chaqirtirilib, “Mayda bezorilik” moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan. U 5 sutkaga hibsga olingan va jazoni o‘tash vaqti davomida jamoat ishlarini bajarishga majbur qilingan. Uning surati esa ichki ishlar vazirligi saytida e'lon qilingan.  

Shunday voqealardan yana birida ayolga tegajog‘liq qilgan taksichi ushlangan. Unga 10 kunlik ma'muriy hibsga olish jazosi tayinlanib, jamoat ishlariga jalb qilingan. Uning surati ham ichki ishlar vazirligi saytida e'lon qilingan.

Top