O‘zbekiston | 19:30 / 12.09.2018
11694
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo aylanmasi keskin oshdi

2018 yil 12 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida bugun Toshkent shahriga kelgan AQSh Davlat kotibining iqtisodiyot va biznes masalalari bo‘yicha yordamchisining birinchi o‘rinbosari Brayan MakFiters bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: TIV axborot xizmati

Suhbatda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15-17 may kunlari AQShga qilgan rasmiy tashrifi va prezident Donald Tramp bilan o‘tkazgan muzokaralari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarining hozirgi holati va ularni oshirishning istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama savdodagi ijobiy dinamika qayd etildi. 2018 yilning 8 oyi davomida o‘zaro savdo aylanmasi deyarli 300 mln dollarini tashkil etdi. 2017 yil bo‘yi esa bu ko‘rsatgich 210,2 mln dollarga teng bo‘lgan edi. Shu bilan birga, mazkur sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada oshirish uchun sezilarli salohiyatning mavjudligi e'tirof etildi va bunga ikki tomonda ham qiziqish borligi ta'kidlandi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston-Amerika kun tartibining boshqa masalalari, jumladan mamlakatimizda Amerika biznes haftaligini o‘tkazishga tayyorgarlikning borishi ham muhokama qilindi.

Suhbatda AQSh elchisi Pamela Leora Spratlen ishtirok etdi.

Mavzuga oid