Jahon | 00:48 / 14.09.2018
13483
2 daqiqa o‘qiladi

Almazbek Atamboyevga tayinlangan maxsus ko‘krak nishoni hanuzgacha unga berilmagani ma'lum qilindi 

Qirg‘iziston parlamentida mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev o‘ziga tayinlangan “Ak Shumkar” maxsus ko‘krak nishonini hali ham olmagani masalasi ko‘tarildi. Bu masalani deputat Irina Karamushkina parlament yig‘ilishida ko‘targan.

Karamushkina Atamboyevga ko‘krak nishoni berilishi haqidagi farmon 2017 yil 27 noyabrda imzolangani, biroq Atamboyev hanuzgacha uni olmaganidan achchiq bildirgan. 

“Nega farmon ijro etilmagan? Yoki bittasini ijro etish, boshqasini unutish mumkinmi?”, deb murojaat qilgan Karamushkina. 

Irina Karamushkina - Qirg‘iziston parlamenti deputati

Bunga Qirg‘iziston prezidenti huzuridagi davlat mukofotlari qo‘mitasi kotibi Jildiz Smanbayeva bu uning vakolatiga kirmasligi bilan javob qilgan.

“Unda kimning vakolatiga kiradi? Bunday bo‘lmaydi-ku. Farmon imzolanganmi, unda keyingi harakatlarni amalga oshirish lozim”, deb aytgan Karamushkina.

“Ak Shumkar” ko‘krak nishoni davlat va xalq oldidagi alohida xizmatlari, Qirg‘iziston ozodligi va mustaqilligi yo‘lidagi jasorat uchun taqdim qilinadi.

Atamboyev Qirg‘izistonni 2011 yil 1 dekabrdan 2017 yil 24 noyabrgacha boshqargan. 

Mavzuga oid