Jamiyat | 14:50 / 15.09.2018
7044
8 daqiqa o‘qiladi

«Yoshlar haftaligi» doirasida  yoshlar muammolariga yechim topildi

Chekka hududlardagi yoshlar hayotiga kirib borish, ularning o‘y-xayollari, orzulari bilan yashash, ko‘nglida tugilib qolgan muammolariga yechim topish, iste'dodlarini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish maqsadida 11-12 sentabr kunlari Buxoro viloyatida «Yoshlar haftaligi» bo‘lib o‘tdi.

Mazkur haftalik 11 221 nafar yoshlarni o‘z qiziqishlariga ko‘ra, 74ta loyiha atrofida birlashtirdi.

Yoshlarni ommaviy tarzda sportga jalb etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida «Yoshlar haftaligi»ning ertalabki  badantarbiya bilan boshlandi va sport musobaqalariga  ulanib ketdi. Tumanlarning markaziy ko‘chalarida mahalla yoshlari ishtirokida yugurish marafoni o‘tkazildi. 2200 nafar sportsevar yoshlar 5 km masofani Buxoroning oydin ko‘chalari bo‘ylab bosib o‘tishdi. Finishga birinchilardan bo‘lib kelganlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 Qo‘l to‘pi, voleybol, basketbol, futbol, shaxmat-shashka, stol tennisi,  gimnastika va yana bir qator sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda qatnashgan yoshlarning uddaburonligi, o‘z jamoasi uchun g‘alaba sari intilayotgani Buxoroi sharif bag‘rida yoshlar o‘rtasida sportga ishtiyoq baland ekanligini ko‘rsatdi.

Shuningdek, tumanlarda «Yoshlar mehnat yarmarkalari» tashkil etilib, ish izlab yurgan, doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan yoshlarni o‘z bag‘riga chorladi. Yarmarkada 145ta tashkilot 1564ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Yarmarkada 118 nafar yoshning bandligi ta'minlandi. Endi ular o‘zlari qiziqqan mashg‘ulot bilan band bo‘lishadi.

Buxoro, Qorovulbozor, Shofirkon, G‘ijduvon tumanlaridagi mahalla maslahatchilari, profilaktika inspektorlari, ta'lim muassasasi yetakchilarini  jalb etgan holda «Notinch hamda jinoyatchilikka moyilligi bor yoshlar bilan ishlashning zamonaviy metodlari» mavzusida seminar-treninglar o‘tkazildi. Unda jinoyatchilikka qarshi kurashish, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida suitsid holatlari oldini olishda samarasiz usullardan voz kechib, bugunning talabidan kelib chiqqan holda vazifalar belgilash masalalari muhokama etildi.

Jinoyatchilik oshgan hududlarda «Psixologik maslahatxona» tashkil qilinib, u yerdagi 210 nafar o‘quvchi, 104 nafar ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turuvchi voyaga yetmaganlar, 72 nafar tarbiyasi og‘ir voyaga yetmaganlar uchun malakali psixologlar tomonidan maxsus psixologik treninglar, yakka tartibdagi suhbatlar tashkil etilib, yoshlarga konsultatsiyalar berildi, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish choralari ko‘rildi.

O‘tkazilgan tadbirlar natijasida  ruhiyatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan jami 22 nafar voyaga yetmaganlarni ichki ishlar organlari profilaktik hisobidan chiqarish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Viloyatning G‘ijduvon, Qorovulbozor, Shofirkon va Buxoro tumanlari hamda Buxoro shahridagi mahallalarda jami 63ta notinch va noqobil oilalar, shuningdek ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar uchun  «Psixolog qabuli» loyihasi o‘tkazildi. Natijada  6ta oila yarashtirildi.

Shu bilan birga, Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan boshpanasiz fuqarolarni vaqtincha saqlab turishga mo‘ljallangan  reabilitatsiya qilish markazida saqlab turilgan Q.Madraimov va M.Botirqulova bilan psixologlar yakka tartibda suhbatlashishdi va ularni stress holatidan chiqarish yuzasidan amaliy ko‘mak berishdi.

Loyiha doirasida Buxoro viloyati Kogon shahrida joylashgan 62-sonli jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan 21 nafar yoshning sodir etgan jinoyatlari tahlil qilindi hamda ijtimoiy xavfi kam bo‘lgan yoshlarga kafillik berish bo‘yicha ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari olib borildi.

Mazkur o‘tkazilgan tadbirlar, uchrashuvlar, psixolog qabullari viloyatdagi mas'ul mutaxassislarga yoshlar jinoyatchiligiga qarshi kurashish, suitsidlar oldini olish borasida natijali va maqsadli vazifalarni belgilash bo‘yicha amaliy mahorat darslari bo‘lib xizmat qildi.

Haftalik doirasida joylarda 148 nafar imkoniyati cheklangan bolalar bilan uchrashuv tashkil etilib, uchrashuvlarda malakali psixologlar hamda O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov va O‘zbekistonda Xizmat ko‘rsatgan artist, «Imkoniyati cheklangan bolalar va yoshlar markazi» direktori Ra'no Shodiyeva ishtirok etdi. Tadbirlar so‘ngida ahvoli og‘ir, nogironligi bor yoshlar va bolalar xonadoniga tashrif tashkil etildi. Ularga kitoblar, o‘quv qurollari va boshqa esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Jumladan, «Gulshanobod» MFYda yashovchi Shahzoda Ergasheva hamda «Xumin» MFYda yashovchi Hasan Barnoyev, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida yashovchi Sunnat Egamberdiyevning holidan xabar olinib, ularga tor doiradagi mutaxassislar ko‘rigi va ko‘magi uchun kerakli hujjatlar jamlandi.

Shuningdek, 15 nafar tibbiy muolajaga muhtoj imkoniyati cheklangan yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, ularga homiy biriktirish bo‘yicha choralar ko‘rildi.

Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tumanlarda yoshlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi. Turli yo‘nalishda qalam tebratayotgan 2300 nafardan ortiq  ijodkor yoshlar uchun mahorat darslari tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston Xalq artistlari Gavhar Zokirova, Mirza Azizov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Respublika Yosh ijodkorlar Kengashi raisi Mehrinoz Abbossova ishtirok etdi. Uchrashuvlar yakunida 1 500 nafardan ortiq yangi kashf etilgan ijodkor yoshlar Respublika Yosh ijodkorlar Kengashiga a'zo bo‘lishdi.

Shofirkon, Qorovulbozor, G‘ijduvon, Buxoro tumanlarida jami 426 nafar ta'lim muassasalarining sardor va yetakchilar ishtirokida o‘quv-seminar o‘tkazilib, yoshlarning yetakchilik (liderlik) qobiliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, haftalik doirasida Qorovulbozor tumanidagi umumiy o‘rta ta'lim maktablari 1-sinf o‘quvchilarining 410 nafari «Kamalak» bolalar tashkiloti a'zoligiga qabul qilindi.

O‘quv-seminarlar davomida umumiy o‘rta ta'lim maktab sardorlarining 2018-2019 o‘quv yilida nofaol va o‘zlashtirishi past bo‘lgan tengdoshlari bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqildi.

Buxoro viloyatida 2 kun davom etgan «Yoshlar haftaligi» doirasida o‘tkazilgan loyihalar, seminar-treninglar salbiy psixologik holatlarni o‘z vaqtida aniqlash, yoshlarni yangi orzular, aniq maqsadlar bilan yashashga undash, sog‘lom hayot sari intilish, ertangi kunga ishonchini kuchaytirish uchun xizmat qilgan bo‘lsa, mutasaddi rahbarlar uchun eng nozik va eng dolzarb masala – yoshlar tarbiyasi borasida hech qachon beparvolikka yo‘l qo‘ymaslik, yoshlar bilan do‘stona munosabat o‘rnatish, hamkorlikda ishlash tizimini yaratish borasida tajriba vazifasini o‘tadi.

Mavzuga oid