Jizzaxda “Yoshlar haftaligi”: o‘rganishlar, muammolar va ularning yechimlari
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etib kelinayotgan “Yoshlar haftaligi” Jizzax viloyatida o‘z ishini boshladi. “Yoshlar haftaligi”ning dastlabki kunidayoq 13 ta loyiha doirasida 14 ming nafardan ortiq yoshlar qamrab olinishiga erishildi.
Haftalik an'anaga muvofiq, nafaqat Jizzax viloyatining balki, mamlakatning gullab-yashnashiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, og‘ir va murakkab davrda xalq farovonligi yo‘lida fidoyi xizmat qilgan inson Sharof Rashidov xotirasini yod etib, poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlandi.
Shundan so‘ng, fan, ta'lim, madaniyat sohasi vakillari, tajribali psixologlar, sport ustalari hamda nufuzli Davlat mukofotlari sovrindorlaridan tarkib topgan Respublika Ishchi guruhi a'zolari yo‘nalishlarga bo‘lingan holda haftalik doirasidagi tadbirlarni amalga oshirishga kirishdilar.
Baxmal, G‘allaorol, Do‘stlik, Zomin, Paxtakor tumanlarida ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari hamda markaziy ko‘chalarda mahalla yoshlari ishtirokida 5 km masofaga marafon o‘tkazilib, ularda 5 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Bolalar va o‘smirlar sport maktablarida qo‘l to‘pi, voleybol, basketbol, futbol, shaxmat-shashka, taekvondo, gimnastika, armrestling, tosh ko‘tarish, kurash, boks, suzish sport turlari bo‘yicha 11 425 nafar yoshlar ishtirokida musobaqalar tashkil etilib, g‘oliblar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va homiylarning turli sovg‘alari, diplomlari bilan taqdirlandilar.
Barcha yo‘nalishlar singari, yoshlar bandligini ta'minlash maqsadida Jizzax shahrida “Yoshlar mehnat yarmarkasi” tashkil etildi. Unda 16 ta tashkilot o‘zining 78 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Mazkur yarmarka davomida 22 nafar yosh ishga joylashtirildi. Eng muhimi, shulardan 3 nafari Yoshlar ittifoqi tomonidan kafillikka olingan yoshlar hisoblanadi.
Muammoli vaziyatga tushib qolgan, hayot tajribasi yetarli bo‘lmagan, turli sabablar bilan ajrim yoqasiga kelib qolgan yosh oilalarnining qo‘rg‘onini saqlab qolish hamda yoshlar jinoyatchiligi va huquqbuzarligini oldini olishga qaratilgan eng muhim loyihalardan “Psixolog maslahatxonasi” loyihasi esa haftalik doirasida amalga oshirilgan amaliy ishlardan biri bo‘ldi. 4 ta hududda Yoshlarga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish markazining 10 nafar malakali mutaxassislari tomonidan “Psixolog qabullari” tashkil qilinib, “Jinoyat sodir etishga va suitsidga moyil yoshlar bilan yakka tartibda shug‘ullanishning samarali usullari” mavzusida maxsus seminar treninglar o‘tkazildi hamda ajrim yoqasiga kelib qolgan 20 ta yosh oilalar bilan yakka tartibda ishlash natijasida 4 ta oila yarashtirildi.
Ishchi guruh tomonidan Jizzax shahrida joylashgan voyaga yetmaganlarni vaqtincha saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasasining faoliyati, yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi. Ushbu muassasada saqlanib turilgan 2 nafar voyaga yetmaganlar bilan psixologlar tomonidan yakka tartibda suhbat olib borildi va ularni sog‘lom hayotga qaytarish borasida aniq natijalarga erishildi. Shuningdek, Zomin tumanidagi imkoniyati cheklangan bolalar uyiga tashrif buyurilib, maktab formalari taqdim etildi.
Iqtidorli yoshlarni kashf etish, ularning intilishlarini, istaklarini ro‘yobga chiqarish hamda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, haftalik davomida 8 ta ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilib, 700 nafarga yaqin iqtidorli yoshlar ishtiroki qamrab olindi.
Yoshlarning muammolarini o‘rganish va yechimini topish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta'minlash, kerak joyda yordam qo‘lini cho‘zish hamda iqtidorli yoshlarimizning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiluvchi “Yoshlar haftaligi” loyihasi ko‘rkam Jizzax vohasida davom etmoqda.
Mavzuga oid
12:31 / 10.11.2024
2024 yilda Jizzax viloyatida bolalar ishtirokida 59 ta YTH sodir bo‘ldi
09:56 / 24.09.2024
Jizzaxda haydovchi Damasga katta yoshdagi 14 kishini mindirib harakatlandi
14:28 / 08.09.2024
Birovning nomiga 20 mln so‘m kredit olib o‘zlashtirib yuborgan shaxs ushlandi
01:05 / 16.08.2024