O‘zbekiston | 11:16 / 25.09.2018
3884
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya o‘qituvchilarni tayyorlash sohasida hamkorlik o‘rnatadi

O‘zbekiston va Rossiya umumta'lim maktablari uchun o‘qituvchilarni tayyorlash sohasida hamkorlik aloqalari rivojlantirilmoqda. Mazkur masalada Xalq ta'limi vazirligi rahbariyati Rossiya delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar beradi Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati. 

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Unda “Moskovskiy Dom sootechestvennikov” tashkiloti direktorining birinchi o‘rinbosari Yuriy Kaplun, “Rossotrudnichestvo” tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Viktor Shulika, A.S.Pushkin nomidagi rus tili davlat institutining ilm-fan bo‘yicha prorektori Mixail Osadchiy va Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bosh maslahatchisi Sergey Sokolovlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ta'lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama etdilar.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonda hozirgi kunda o‘qituvchilar yetishmaydi, ayniqsa, bu holat rus tilida ta'lim berilayotgan maktablarda sezilarli darajada. Xalq ta'lim vazirligi tomonidan mazkur muammoni hal etish maqsadida bir qator choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, uchrashuvda Xalq ta'limi vazirligi o‘zbekistonlik o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha Rossiya oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish taklifini ilgari surdi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Mixail Osadchiy “Pushkin Instituti” sherikchilik tarmog‘i doirasida hamkorlik qilishni taklif etdi. Bu esa malakali rus tili o‘qituvchilarini tayyorlash imkonini beradi.

O‘z o‘rnida Viktor Shulika har yili bir guruh o‘zbekistonlik yoshlar Rossiya oliy o‘quv yurtlariga ta'lim olish uchun yuborilishlari haqida ta'kidladi. U mazkur hamkorlik doirasida o‘zbekistonlik yoshlarni pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha ta'lim olishga yo‘naltirishni taklif qildi.

Tomonlar kelgusida muvaffaqiyatli natijalarga erishish uchun kelgusi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid