Jamiyat | 21:35 / 27.09.2018
10716
3 daqiqa o‘qiladi

«Hilol-Nashr» nashriyotida Shayx Muhammad Avvomaning kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Bugun, 27 sentabr kuni «Hilol-Nashr» nashriyotida «Faqih imomlar ixtilofida hadisi sharifning o‘rni» va «Javome'ul kalim» nomli yangi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda suriyalik mashhur muhaddis alloma shayx Muhammad Avvoma, uning o‘g‘li doktor Muhyiddin Muhammad Avvoma, O‘zbekistonning taniqli ulamolari, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning shogirdlari, kitobsevar muxlislar ishtirok etishdi.

Taqdimoti o‘tkazilgan birinchi kitob shayx Muhammad Avvoma hafizahullohning Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh tarjimasidagi «Faqih imomlar ixtilofida hadisi sharifning o‘rni» nomli kitobi hadis ilmiga doir bo‘lib, unda xususan, hadisi sharif qachon amal uchun yaroqli bo‘ladi, hadisi sharifni tushunishdagi ixtiloflar, imomlarning zohiri bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan sunnatga nisbatan tutgan yo‘llarining turli-tumanligi, sunnatni bilishda darajalarining turliligidan kelib chiqadigan ixtilof kabi masalalarda so‘z yuritilgan.

Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh bu kitobni 42 yil avval yozgani, 4 nafar ustozlari ko‘rigidan o‘tkazgani, kitobga davrning bahsli muammolari yechimini kiritganini ta'kidladi. Shayx hazratlari salaf ulamolar hayotidan misollar aytib, tolibi ilmlarga kitob ta'lif etish odoblarini gapirib, nasihat qildi.

Kitobxonlar e'tiboriga havola qilingan ikkinchi kitob doktor Muhyiddin Muhammad Avvoma qalamiga mansub «Javome'ul kalim» kitobi bo‘lib, o‘zbek tiliga Ismoil Muhammad Yusuf tomonidan tarjima qilingan. Muallif risolada sahih va hasan hadislarni to‘plagan bo‘lib, ularning hajmi kichik, iboralari yengil, yodlash uchun osondir. Aslida «javome'ul kalim» Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘zal fazilatlaridan biri bo‘lib, qisqa, lo‘nda so‘zlar bilan olam-olam ma'nolarni ifodalash qobiliyatidir. Kitobdagi hadislar ham qisqa bo‘lishiga qaramay ana shunday keng ma'nolarni ifodalagani uchun unga shunday nom berilgan.

Ma'lumot o‘rnida: Shayx Muhammad Avvoma 1940 yilda Suriyaning Halab shahrida tavallud topgan. 1962 yili universitetning shariat fakultetiga o‘qishga kirgan. Shu yildan 1980 yilgacha Shabaniya madrasasida, shuningdek, Ravza universitetida dars bergan.

Shayx Avvomaning «Asarul-hadisish-sharif fiy ixtilafil-aimmatul-fuqaho», «Adabul ixtilaf fiy masailil-ilmi vad-diyn» asarlari mashhur.

Mavzuga oid