O‘zbekiston | 12:52 / 29.09.2018
5735
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yangi sud tashkil etilishi mumkin. U intellektual mulkka aloqador bo‘ladi

Foto: Pixabay

Intellektual mulk agentligi ana shunday taklif bilan chiqdi. Loyiha bilan QHTBT portalida tanishib chiqish mumkin.
 
Hujjatda mualliflik va ixtirochilik huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar aks ettirilgan, deb yozadi Norma.
 
Birinchidan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakolatlarini kengaytirish taklif etilmoqda. Boshqa vakolatlar qatori intellektual mulk obektlaridan noqonuniy foydalanishga qarshi kurashish, ushbu sohadagi ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish (masalan, MJTKning 177-moddasi, hozir u ma'muriy sud vakolatiga kiradi) va h.k. uning zimmasiga yuklatilishi mumkin.
 
O‘z navbatida, tovar belgilarini O‘zbekistonda barchaga ma'lum deb tan olish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqishni – Adliya vazirligiga; egalik qilgan tashkilot tugatilganda tovar belgisi huquqiy jihatdan muhofaza qilinishini muddatidan oldin bekor qilish to‘g‘risidagi apellyatsiyalarni ko‘rib chiqishni IMA Apellyatsiya kengashiga topshirmoqchilar.  
 
Ikkinchidan, Toshkentda Intellektual mulk masalalari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sudni tashkil etmoqchilar. Boshlang‘ich bosqichda poytaxtda joylashadigan sud butun respublikada yagona bo‘ladigan ko‘rinadi. Uning faoliyatini tartibga soladigan qonun hujjatlariga tuzatishlar loyihasi 2019 yil 1 iyulgacha ishlab chiqiladi.
 
Uchinchidan, norma ijodkorligi rejalashtirilgan. Xususan, «Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida»gi Qonunga quyidagilarni nazarda tutuvchi tuzatishlar tayyorlanadi:

• jismoniy va yuridik shaxslarga tovar belgilarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish imkonini berish;
• talabnomalarni ixtisoslashtirilgan elektron tizimlar orqali elektron ko‘rinishda berish imkoniyati;
• xalqaro patentlanmagan dori vositalarining nomlari bo‘lgan belgilar tovar belgilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishini taqiqlash.
 
Bundan tashqari, intellektual mulk sohasidagi xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish rejalashtirilgan. 
 
To‘rtinchidan, patent vakillari 5 yilda kamida 1 marta o‘z malakasini oshiradi. Barcha amaliyotchi patent vakillarini 2020 yil 1 yanvargacha qayta attestatsiyalash ko‘zlanmoqda.
 
Buning ustiga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining ma'muriy-boshqaruv xodimlari, shuningdek ilmiy muassasalarning xodimlari intellektual mulk sohasida qayta tayyorlanadi va malakasi oshiriladi. Jarayon pulli bo‘ladi, biroq tinglovchilarning asosiy ish joyidagi lavozimi va ish haqi saqlanib qoladi.   
 
Beshinchidan, «Intellektual mulk obektlarining bojxona reyestri» hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan integratsiyalangan axborot tizimi yaratiladi. Uning yordamida elektron talabnoma berish, obekt huquqiy jihatdan muhofaza qilinmay qo‘yganda uni avtomatik ravishda reyestrdan chiqarish va kontrafakt mahsulotni aniqlash maqsadida axborot olish mumkin bo‘ladi.
 
Doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruhiga bojxona postlaridagi intellektual mulk obektlari bilan bog‘liq ayrim muammoli masalalarni tahlil qilish va tezkor hal etish vazifasi topshiriladi.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid