O‘zbekiston | 10:13 / 01.10.2018
4740
5 daqiqa o‘qiladi

Temir yo‘l va havo transporti orqali import tovarlarni dastlabki deklaratsiyalash qanday amalga oshiriladi?

Foto: xpress.by

Vazirlar Mahkamasining 25.09.2018 yildagi “O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga keladigan tovarlar va transport vositalarini rasmiylashtirishda bojxona tartibotlarini soddalashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” 762-son qarori e'lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 12.04.2018 yildagi PF-5414-son farmonida import tovarlari amalda O‘zbekiston bojxona hududiga yetib kelishidan oldin dastlabki deklaratsiyalash amaliyotini joriy etish topshirilgan. Tovarlarni bevosita chegara o‘tkazish punktlarida erkin muomalaga chiqarish orqali insofli TIF ishtirokchilarini rag‘batlantirish maqsadlardan biri hisoblanadi.
 
Norma’ning yozishicha, bunday tartib ilgari ham yuklarni avtomobillar orqali yetkazib berishda mavjud edi.  U jiddiy o‘zgartirishlar bilan temir yo‘l va havo transporti orqali tashishga tatbiq etildi.
 
Shu tariqa, tashuvchi yoxud tovar egasi yoki tovarga nisbatan vakolatlarga ega bo‘lgan shaxs bojxona organiga quyidagi ma'lumotlarni taqdim etishlari kerak:

1. Transport vositasi turi.
2. Mamlakat, tashuvchining nomi va manzili.
3. Transport vositasi haqida ma'lumotlar.
4. Tovarlarni yuboruvchining mamlakati nomi.
5. Tovarlarni qabul qiluvchining mamlakati nomi.
6. Tovarlarni qabul qiluvchining manzili va STIRi (tranzit uchun talab qilinmaydi).
7. Tovarlarning nomi, brutto vazni, qiymati.
8. Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimiga muvofiq tovarlarning kamida 6 ta belgi darajasidagi kodlari (tranzitda - ruxsatnomalar mavjudligini talab qiladigan tovarlar uchun).
9. Ruxsatnomalar to‘g‘risidagi ma'lumotlar (mavjud bo‘lsa).
10. Tovarlarning O‘zbekistonning bojxona hududiga yetib kelish vaqti (rejalashtirilgan).
11. XYT kitobchasi (agar mavjud bo‘lsa) raqami, 14.11.1975 yildagi XYT daftarchasini qo‘llagan holda Yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq.
12. Invoys (hisob-varaqasi) va transport yukxatining raqami, sanasi.
 
Avtomobil transporti orqali tashishlar amalga oshirilganda ro‘yxatga olish raqami, ro‘yxatga olish mamlakati va identifikatsiya raqami (VIN) (yoxud kuzov, shassi yoki rama raqami) to‘g‘risidagi ma'lumotlar taqdim etiladi.
 
Yuqorida ko‘rsatilgan ma'lumotlar:

• avtomobil transportining O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali o‘tishidan 1 soat oldin;
• temir yo‘l yoki havo transportining O‘zbekiston bojxona chegarasiga yetib kelishidan (uchib kelishidan) 2 soat oldin taqdim qilinishi kerak.
 
Tovar va transport vositalari kelib tushgach, bojxona organi xodimiga dastlabki axborotni bojxona hududiga kelayotgan tovar va transport vositalarining  yuk hujjatlarini o‘z ichiga olgan ma'lumotlar  bilan solishtirish uchun 30 daqiqa beriladi.
 
Shundan keyin solishtirish natijalari va xatarning mavjudligiga bog‘liq holda quyidagi harakatlar amalga oshiriladi:

• dastlabki elektron axborot yuk hujjatlarini o‘z ichiga olgan ma'lumotlarga muvofiq bo‘lganda va xatar mavjud bo‘lmagan taqdirda – bojxona rasmiylashtiruvi 20 daqiqa ichida;
• dastlabki elektron axborot yuk hujjatlarini o‘z ichiga olgan ma'lumotlarga muvofiq bo‘lmaganda,  bojxona organlarining axborot tizimida ma'kur ma'lumotlar bo‘lmasa yoki xavf mavjud bo‘lsa – bojxona nazoratining tegishli shakllari va keyingi bojxona operatsiyalari qo‘llaniladi.
 
Davlat bojxona qo‘mitasi (DBQ), “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga O‘zbekistonning bojxona hududiga keladigan tovarlar va transport vositalari, shuningdek, havo va temir yo‘l transportida O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali o‘tkaziladigan yo‘lovchilar va ularning bagaji to‘g‘risidagi elektron ma'lumotlarni ayirboshlash tizimini nazarda tutadigan dasturiy ta'minotni 2 oy muddatda ishlab chiqish va bojxona organlarining axborot tizimiga joriy etish topshirildi.
 
Hujjat 26.09.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid