Jamiyat | 22:58 / 07.10.2018
3869
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Milliy banki va Fransiyaning «Buig» kompaniyasi turizm infratuzilmasini rivojlantirish sohasida hamkorlik qilishga kelishib olishdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi arafasida, 5 oktabr kuni Parijda o‘tkazilgan O‘zbek-fransuz biznes forumida O‘zmilliybank va «Buig» kompaniyasi turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 100 million yevrolik bitimni imzolashdi.

Bitim davlat rahbari tashabbusi asosida qabul qilingan «Buxoro shahri va viloyatining 2017 - 2019 yillar davomida turizm salohiyatini jadal rivojlantirish dasturi»ga asosan «Qadimiy Buxoro» turizm hududini qurishni o‘z ichiga oladi.

Loyiha 10 gektar hududda mehmonxonalar, savdo-ko‘ngilochar markazi, restoranlar, sara uy kompleksi, landshaft bog‘larini barpo qilishni nazarda tutadi. 

Bitim doirasida «Buig» kompaniyasi loyihalashtirish va qurilishdan tashqari, bu yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirish uchun yangi investorlarni izlash va qurilgan obektlarni boshqarishda ko‘maklashadi.

«Buig» kompaniyasi O‘zbekistonning boshqa turizm shaharlarida mehmonxonalar va kurortlar tizimi loyihalarini bosqichma-bosqich amalga oshirishni rejalashtirgan.

Imzolangan bitim O‘zbekistonning turizm salohiyatini rivojlantirish, uning samaradorligini oshirish, madaniy merosning noyob obektlarini sayyohlarning keng qatlamiga tanishtirish uchun qulay sharoitlarni yaratish, zamonaviy turizm infratuzilmasini tezkor rivojlanishini ta'minlashga qaratilgan.

Bouygues Batiment International SAS (Buig Batiman Internasional SAS) — Fransiyaning 1952 yilda tashkil qilingan yirik qurilish kompaniyalaridan biridir. Buig kompaniyasi barpo qilgan inshootlar orasida - La-Mansh ostidagi tonnel, Defans arkasi, Sharl de Goll nomidagi aeroportning 2-terminali, avtostradalar va boshqa obektlar bor. Kompaniya kapitali 25 mlrd. yevroga teng, xodimlari soni 133 mingdan ortiq.

Mavzuga oid