O‘zbekiston | 20:20 / 09.10.2018
3407
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Global tadbirkorlik haftaligi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekistonda 12-18 noyabr kunlari Global tadbirkorlik haftaligi bo‘lib o‘tadi. Haftalik davomida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Qarshi shaharlarida xorijning yetakchi kompaniyalari rahbarlari, ishbilarmonlari va oliy o‘quv yurtlari mutaxassislari yoshlar va tadbirkorlarga master-klasslar o‘tishadi, o‘zbekistonlik va xorijlik tadbirkorlarning muloqotlari bo‘lib o‘tadi, iqtisodiyotning turli sohalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashiniladi.

Shuningdek, tadbir doirasida startaplar tanlovi uyushtiriladi.

Haftalikda Ozarboyjon, Afg‘oniston, Gruziya, Isroil, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Yangi Zelandiya, AQSh, Tojikiston, Estoniya kabi mamlakatlardan vakillar ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2017 yilning 13-19 noyabr kunlari Global tadbirkorlik haftaligi ilk bor o‘tkazilgandi. Haftalik doirasida tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar, mahalliy va xorijiy biznes vakillari bilan uchrashuvlar, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida tajribali tadbirkorlar ishtirokida yosh tadbirkorlar uchun “mahorat darslari” tashkil etilgandi.

Haftalik doirasidagi tadbirlarda Rossiya, Icroil, Ozarboyjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi davlatlardan 40dan ortiq xorijiy investorlar, biznesmenlar, marketologlar va malakali trenerlar ishtirok etgandi. 

Global tadbirkorlik haftaligi istiqbolli loyihalarni amaliyotda qo‘llayotgan, tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirishga turtki beradigan loyihalarni ishlab chiqayotgan novatorlar va ish beruvchilarga mo‘ljallangan xalqaro tadbir bo‘lib, bunday tadbirlar dunyoning 160 dan ziyod mamlakatida har yili an'anaviy o‘tkazib kelinadi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish