Jamiyat | 23:15 / 11.10.2018
3507
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyalik ekspert o‘zbekistonlik jurnalistlarga seminar-trening o‘tib berdi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda Konrad Adenaur jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi ko‘magida joriy yilning 8-11 oktabr kunlari milliy jurnalistikaning istiqboliga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi. “Milliy jurnalistikani rivojlantirish istiqbollari: nazariya va amaliyot” mavzusidagi seminar-treningga yetakchi nemis ekspertlaridan biri, Germaniya telekompaniyalar Federal assotsiatsiyasi Prezidenti Rene Falkner boshchilik qildi.

Foto: Yoshlar ittifoqi

Ceminarda poytaxt va hududlarda faoliyat yurituvchi 20 nafar muxbir yangi texnologik ishlanmalarni qo‘llash, informatsion dasturlarni, xususan,  “Mening yurtim” telekanali orqali efirga uzatilayotgan “Markaziy studiya” va “Hudud” axborot dasturlarini kreativ media-mahsulotlar bilan to‘ldirishning eng ilg‘or tajribalarini o‘rganishdi. Shu bilan birga axborot uzatishning nostandart usullari va ko‘proq tomoshabinni jalb qilish imkoniyatlari bilan ham tanishishdi.

Foto: Yoshlar ittifoqi
Foto: Yoshlar ittifoqi

Seminarda, asosan, yoshlar hayotini yosh jurnalistlar nigohida tahlil qilish va keng yoritish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni chuqur o‘rganish va unga yechim izlash, yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini muvofiqlashtirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi. Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini tashkil etishda telejurnalistikaning  o‘rniga alohida e'tibor qaratildi. Seminar-treninglar yosh jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi va ular o‘zlari uchun kerakli ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.

Foto: Yoshlar ittifoqi
Foto: Yoshlar ittifoqi

Ma'lumot uchun: Rene Falkner 1974 yil 21 aprelda Germaniyaning Leyptsig shahrida tug‘ilgan. U Leyptsig universitetini “Iqtisodiyot va ishlab chiqarishni tashkil qilish” mutaxassisligi  bo‘yicha tamomlagan bo‘lib, ingliz, ispan va fransuz tillarida bemalol so‘zlasha oladi. Rene  “Sachsen TV” teleradiokompaniyasida direktor lavozimida ishlagan. 2000 yildan bugungi kungacha esa «Sachsen Fernsehen» telekompaniyasida ish boshqaruvchi(internet, reklama, OAV, televideniye, media-mahsulotlar bo‘yicha mas'ul) vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda. Bundan tashqari Rene 2016 yildan buyon Germaniya telekompaniyalar Federal assotsiatsiyasi Prezidenti.

Mavzuga oid