O‘zbekiston | 09:20 / 14.10.2018
71744
6 daqiqa o‘qiladi

Xorijliklar Zeromax’ning qarzlari Gulnora Karimovaning muzlatilgan aktivlari hisobidan to‘lanishini talab qilishmoqda

Foto: Wikipedia

Shveytsariyaning Tages-Anzeiger va Tribune de Genève nashrlarining xabar berishicha, Zeromax kompaniyasi 2006-2009 yillar davomida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimovaning xaridlarini to‘lab kelgan.

2009 yilda «Nasha gazeta»ga bergan intervyusida Gulnora Karimova Zeromax kompaniyasiga aloqasi yo‘qligini ta'kidlagan edi.

2008 yilda Gulnora Karimova O‘zbekistonning Jyenevada joylashgan BMT va boshqa xalqaro tashkilotlaridagi doimiy vakili etib tayinlandi. 2013 yilda u diplomatik daxlsizlik huquqidan mahrum bo‘ldi: Shveytsariya prokuraturasi uni pullarni «halollash»da gumon qilib, unga nisbatan jinoyat ishi ochdi va Shveytsariyadagi hisob raqamlarida turgan 800 million frankni muzlatib qo‘ydi. O‘zbekistonda ham uni talon-tarojda ayblashdi va uy qamog‘iga solishdi. Endi Shveytsariya mutasaddilari Karimovaning hibs etilgan millionlarini nima qilishni o‘ylashayapti. Bu pullarga da'vogarlar safida Zeromax kompaniyasi va o‘zbek xalqi ham bor.

Zeromax kompaniyasi 2005 yilda Tsug shahrida ro‘yxatdan o‘tgan va O‘zbekistonning neft va gazga doir bitimlarini tuzish bilan shug‘ullangan. 2010 yilda Zeromax bankrot bo‘ladi va o‘zidan 191 nafar kreditor oldidagi jami 5,6 mlrd frank miqdoridagi qarzni qoldiradi. Kompaniya bankrotligidan Shveytsariya va Germaniyadagi ko‘plab kompaniyalar aziyat ko‘radi. Endi ular Zeromax kompaniyasi Karimovaga tegishli bo‘lganini iddao qilishmoqda va muzlatilgan aktivlarning bir qismi zararni qoplash uchun ularga berilishini so‘rashmoqda. Masalan, Shvabiyadagi qurilish firmasi direktori Yurgen S. Tages-Anzeiger nashriga Zeromax tomonidan buyurtma berilgan, Toshkentdagi prezident saroyi uchun mo‘ljallangan pillapoyalarning muhtasham, millionlab yevro turadigan suyanchiqlarini yasab bergani uchun pulini hali ham kutayotganini aytgan.

Zeromax ko‘pincha Gulnora Karimova nomi bilan bog‘lanadi, biroq haqiqatda uni kim boshqargani noma'lum. 2009 yilda «Nasha gazeta» Gulnora Karimovadan uning Zeromax’ga daxldorligi haqida so‘raganida u bunday javob qilgan edi: «Bunday ma'lumot haqiqatda internetda ko‘rinish bergan edi va shundan keyin bu gap menga yopishib qoldi. Bu kompaniyaga mening aloqam yo‘q, biroq kompaniya bilan yaxshi tanishman, albatta. Buning boisi u yerda bir necha do‘stim ishlayotgani, qolaversa, kompaniya mamlakatimiz hayotida muhim rol o‘ynayotganidir».

Tages-Anzeiger va Tribune de Genève jurnalistlari esa boshqacha fikrda. Ularning qo‘liga 2016 yilda tuzilgan politsiya hisoboti tushgan. Hujjatdan ma'lum bo‘lishicha, Gulnora Karimovaning uyi va Jyenevaning Lombard Odier bankidagi seyfi tintuv qilinganida jami 38 million frank turadigan soat va yuvelir buyumlar topilgan, shu jumladan, yoqutli kole va ulkan qizil brilliant toshli uzuk. Bundan tashqari, politsiya bayonnomasida shveysar va nemis kompaniyalarining Kolonya shahridagi Karimovaga tegishli «Magnoliya» villasi ta'miri uchun yuborgan hisoblari, Fransiya va Hongkongda ko‘chmas mulk xaridi haqidagi ma'lumotlar, O‘zbekiston futbol jamoalari uchun yevropalik futbolchilarni sotib olish transfer to‘lovlari haqida keltirilgan. Bu to‘lovlarning ba'zilarini Gulnora Karimovaning o‘zi to‘lamagan, balki Zeromax kompaniyasiga o‘tkazib yuborgan. Karimovaning foydasiga va jurnalistlarning fikricha, uning topshirig‘i bilan Zeromax tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi 127 mln frankni tashkil etadi.

TdG nashrining xabar berishicha, izquvarlar Karimova bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan, Gazprombankning Tsyurix filialidagi Zeromax hisob raqamlaridan ofshor kompaniya hisob raqamlariga pul o‘tkazilganining isbotini topishgan: 2006-2009 yillar davomida 370 mln frank o‘tkazilgan. Sal keyinroq, 2010 yilda, hamma pullari chiqarib olingan Zeromax bankrot bo‘lgan.

Shveytsariya savdo reyestrida kompaniya O‘zbekistonning ikki nafar fuqarosi nomiga rasmiylashtirilgan. 2017 yilgacha Zeromax’ning bankrotligi haqidagi ish Karimovaga qarshi tergov ishining bir qismi bo‘lgan. Biroq keyinroq federal jinoyat sudi Zeromax’ning Karimova foydasiga qilgan ko‘plab pul o‘tkazmalari «Gulnora Karimovaning kompaniya ustidan boshqaruvni amalga oshirganidan darak bermaydi». Sud  Zeromax sobiq menejyerlarining Karimova kompaniya bilan bog‘liq bo‘lmagani haqida bergan ko‘rsatmalarini muhimroq sanadi. Ammo Zeromax kreditorlarining advokatlari menejyerlar bosim ostida ko‘rsatma bergan, deb hisoblashyapti. 

9 may kuni Federal kengash dastlabki qarorni qabul qildi: muzlatilgan 800 million frank O‘zbekistonga to‘liq hajmda qaytarilishi kerak, zero pullar «taxminga ko‘ra O‘zbekiston davlati zarariga qilingan korruptsion harakatlar natijasida qo‘lga kiritilgan».

Mavzuga oid