22:20 / 14.10.2018
10220

Rossiya futbolida qonunsiz hafta. Yana ikki futbolchi mast holda avtomobil boshqargani uchun qo‘lga olindi

Rossiyaning Samara shahrida yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari «Krilya Sovetov» jamoasi futbolchilari Yevgeniy Bashkirov hamda Georgiy Tigiyevni mast holatda avtomobil boshqarishgani uchun to‘xtatishgan. Bu haqda TASS agentligi «Nochnoy patrul» jamoatchilik harakati faollariga asoslangan holda xabar bergan.

Avvaliga, 14 oktabrga o‘tar kechasi «Krilya Sovetov» yarimhimoyachisi Yevgeniy Bashkirovni mast holatda avtomobil boshqarayotganida qo‘lga olgandi. Unga nisbatan bayonnoma tuzilgan.

14 oktabr kuni kunduzi esa shu jamoaning yana bir a'zosi, himoyachi Georgiy Tigiyev mast holatda qo‘lga olingan.

«Mesh» telegram kanali xabariga ko‘ra, bu futbolchilar bir ziyofatda bo‘lishgan, ammo ziyofatdan turli vaqtlarda qaytishgan.

NTV telekanali xabariga ko‘ra, Tigiyevning qonidan amfetamin topilgan, bu esa unga doping uchun diskvalifikatsiya xavfini soladi.

«Krilya Sovetov» FK matbuot xizmati «Interfaks-Povoljye»ga bergan izohida, 13 va 14 oktabr kunlari jamoaning barcha futbolchilari uchun dam olish kuni bo‘lgani, lekin vaziyat o‘rganilishi aytilgan.

Qayd etish kerakki, oxirgi 7 kun Rossiya futboli futbolchilar bilan bog‘liq shov-shuvli xabarlarga boy bo‘ldi. Avvaliga terma jamoa a'zosi, «Spartak» yarimhimoyachisi Denis Glushakov 9 yillik turmushidan keyin rafiqasi bilan mojaroli tarzda ajrashayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Rafiqasi Darya uni xiyonatda ayblagandi. Darya Glushakovaning advokati aytishicha, futbolchi mulkini bo‘lishmaslik uchun qonunga zid harakatlarni amalga oshirgan. Ajrim bo‘yicha sud ishi 16 oktabrda boshlanadi.

Sentyabr oyi boshida Glushakov «Spartak» ustozi Massimo Karreraning iste'fosi so‘ralgan postga «layk» qo‘ygani uchun asosiy tarkibdan chetlatilgandi. 

O‘tgan haftada esa «Zenit» hujumchisi Aleksandr Kokorin va «Krasnodar» yarimhimoyachisi Pavel Mamayev bilan bog‘liq mojaro avj oldi. Bu futbolchilar 8 oktabr kuni Moskva markazida ikkita janjalli voqea ishtirokchilari bo‘lishgandi. Ular avvaliga Brest ko‘chasida «Perviy kanal» boshlovchisi Olga Ushakovaning haydovchisini kaltaklashgandi. Keyinroq Nikita bulvaridagi kafeda Savdo va sanoat vazirligi amaldori Denis Pakka hujum qilishgan. Moskva shahri politsiyasi ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kaltaklash) va 213-moddasining 2-qismi (Oldindan kelishilgan holda bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Futbolchilar ayni vaqtda qo‘lga olingan va ikki oy muddatga hibs qilingan. Bu futbolchilarga 7 yilgacha qamoq jazosi tahdid solmoqda.

Mavzuga oid
Top