O‘zbekiston | 10:18 / 17.10.2018
7354
5 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga vakolatlarning bir qismi qaytarildi

Foto: Fotolia

11.10.2018 yildagi O‘RQ–496-son qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
 
Masalaning tarixiga nazar: 2018 yil 1 aprelgacha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyatlar bo‘yicha ishlarni sud ishini yuritishning alohida turi sifatida ko‘rib chiqar edilar.
 
Norma’ning yozishicha, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks kuchga kirishi bilan ma'muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlar sohasida fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi ishlar maxsus tashkil etilgan ma'muriy sudlarga topshirildi. Bir vaqtning o‘zida Fuqarolik protsessual kodeksning yangi tahriridan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar (qarorlar) ustidan shikoyatlarning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi to‘g‘risidagi bob chiqarib tashlandi.  
 
Ana shu taalluqlilikni qayta taqsimlash jarayonida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining ma'muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan yuzaga kelmaydigan qarorlari hamda ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlarni qaysi sudlar ko‘rib chiqishlari kerakligi haqidagi masala hal etilmay qoldi. Masalan, XUMShning majburiy badallar miqdorlarini belgilash to‘g‘risidagi qarorlari ustidan shikoyatlarni. Sudlar o‘rtasida taalluqlilik yuzasidan ixtiloflar yuzaga keldi.   
 
Qabul qilingan hujjat bilan tushunmovchiliklarga barham berildi. Ushbu toifadagi ishlar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga taalluqli ekanligi belgilandi. Shu bilan birga, endi ular da'vo ishini ko‘rish tartibida ko‘rib chiqiladi. Da'vo arizasi fuqaroning o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida unga ma'lum bo‘lgan paytdan e'tiboran 3 oy ichida (da'vo muddati) sudga berilishi mumkinligi belgilandi. Bu ilgari amal qilgan qoidaga o‘xshash, biroq mazkur huquqiy munosabatlar bo‘yicha oldindan ma'muriy shikoyat berish imkoni yo‘qligi sababli yuqori turuvchi tashkilot shikoyatni qanoatlantirishni rad etgan kundan boshlab bir oylik muddat yoxud uni ko‘rib chiqishning bir oylik muddati o‘tishi ham bo‘lmaydi. Da'vo arizasi berishning uzrli sababga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati sud tomonidan tiklanishi mumkin.
 
Da'vo arizasida quyidagilar ham ko‘rsatilishi kerak:
 
1) nizolashilayotgan qarorni qabul qilgan korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasining nomi yoki nizolashilayotgan harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etgan mansabdor shaxsning familiyasi va ism-sharifining bosh harflari;
 
2) nizolashilayotgan qarorning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, nizolashilayotgan harakatlar (harakatsizlik) sodir etilgan sana va joy;
 
3) da'vogarning fikriga ko‘ra, nizolashilayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) tufayli buzilayotgan o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
 
4) da'vogarning fikriga ko‘ra, nizolashilayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) qaysi qonun hujjatiga zid bo‘lsa, o‘sha qonun hujjati;
 
5) da'vogarning qarorni haqiqiy emas, harakatlarni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi talabi.
 
Da'vo arizasiga FPKning 191-moddasida ko‘rsatilgan hujjatlar, shuningdek nizolashilayotgan qarorning matni ilova qilinadi.
 
Sud nizolashilayotgan qarorning yoki uning ayrim qismlarining, harakatlarning (harakatsizlikning) qonuniyligini, nizolashilayotgan qarorni qabul qilgan korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasining yoxud nizolashilayotgan harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etgan mansabdor shaxsning vakolatlarini tekshiradi, shuningdek nizolashilayotgan qaror yoki uning ayrim qismlari yoxud harakatlar (harakatsizlik) fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzgan-buzmaganligini aniqlaydi. Ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha da'vo arizasi qanoatlantirilsa, sud hal qiluv qarorining xulosa qismida quyidagilarni ko‘rsatadi:

1) nizolashilayotgan qarorni qabul qilgan korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasining nomi yoki harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etgan mansabdor shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, nizolashilayotgan qarorning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, nizolashilayotgan harakatlar (harakatsizlik) sodir etilgan sana va joy;
 
2) nizolashilayotgan qarorning to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb yoki harakatlarning (harakatsizlikning) qonunga xilof deb topilganligi;
 
3) sud xarajatlarining taqsimlanishi.
 
Hujjat 12.10.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid