Jamiyat | 20:53 / 17.10.2018
4048
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi oliygohlardan biriga Volgograd davlat agrar universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi

Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining qator yetakchi oliy ta'lim muassasalari tashshabusi bilan ilk marotaba “O‘zbekiston-Rossiya ta'lim forumi” o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan Toshkent davlat agrar universitetiga ham 17 oktabr kuni Volgograd davlat agrar universitetining rektori A.S.Ovchinnikov, Ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha prorektori V.S.Bocharnikov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori A.A.Shatoxinlar tashrif buyurishdi.

Volgograd davlat agrar universiteti hamda Toshkent davlat agrar universiteti o‘rtasida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Shuningdek, ikki oliy ta'lim muassasasi o‘rtasida joriy o‘quv yilidan “Manzarali bog‘dorchilik va ko‘kalamzorlashtirish”, “O‘simliklarni himoya qilish” bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta'lim dasturlari doirasida kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani ta'kidlandi.

Uchrashuvda ikki oliy ta'lim muassasasida fakultet va kafedralarning filiallarini tashkil etish, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qo‘shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish, talabalarning ilmiy innovatsion forumlarini o‘tkazish, hamkorlik o‘quv va ilmiy adabiyotlar yaratish, ilmiy-tadqiqotlar olib borish kabi masalalar kelishib olindi.

Yig‘ilish davomida Volgograd davlat agrar universiteti rektori A.S.Ovchinnikovga universitetning faxriy professori unvoni topshirildi.

Tashrif so‘ngida Volgograd davlat agrar universitetida Toshkent davlat agrar universitetining “O‘simliklarni biologik himoya qilish ilmiy tadqiqot markazi”ning filialini tashkil etish, professor-o‘qituvchilarning o‘zaro tajriba almashinishi, stajirovkalar o‘tashi, bakalavriat va magistratura talabalarining ushbu markazda ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid