Bugungi kunda filialda ta’limning kredit-modul tizimi joriy etilgan. Talabalarga ta’lim-tarbiya berayotgan professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati 49,3 foiz, professor-o‘qituvchilarning o‘rtacha yoshi 36 yoshni tashkil etib, shundan 25 foizi xorijda tahsil olib kelgan. Filialda talabalarga rivojlangan xorijiy mamlakatlar universitetlarida faoliyat yuritayotgan 6 nafar xorijlik vatandoshlar tahsil berib kelmoqda. Ular Germaniyaning IAMO (O‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish) ITI, Humbolt va Kassel universitetlarining professor-o‘qituvchilaridir. Magistrantlarning ilmiy tadqiqot va stajirovkalari O‘zbekiston ilmiy-tadqiqot institutlari va ilg‘or korxonalarda, shuningdek ulardan 32 nafari Germaniyaning xmel yetishtiruvchi va qayta ishlovchi qishloq xo‘jaligi kompaniyasida amaliyot o‘tashlari yo‘lga qo‘yilgan.

Filialda yoshlarni ilmga jalb qilish, sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyati hokimligi va Innovatsion rivojlanish vazirligining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan “Samarqand viloyati yoshlarining innovatsion g‘oyalari va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi”ning 2-to‘lqinida 1 ta - o‘simliklarni biologik himoya qilish orqali sifatli va organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan “Foydali entomofaglardan foydalanish hamda ekin turiga qarab ularni ko‘paytirish” mavzusidagi loyiha g‘olib topilib, 79,2 mln so‘mga moliyalashtirildi. Dasturning 3-to‘lqinida filial tomonidan 22 ta loyiha topshirildi hamda oxirgi natijalarga ko‘ra, 9 ta loyiha so‘nggi bosqichga yetib keldi. Shundan 5 tasi ilmiy o‘rganilganligi va hozirgi kundagi dolzarb mavzularni qamrab olganligi sababli ekspertlar tomonidan g‘olib topildi va umumiy qiymati 640 mln so‘mga moliyalashtirildi. Xususan, noan’anaviy ekinlarni ko‘paytirish va qayta ishlashga bag‘ishlangan “Antioksidantlarga boy batat uni ishlab chiqarish”, dorivor hamda to‘yimli ozuqabop ekinlarni yetishtirishga bag‘ishlangan “Amarat - XXI asr o‘simligi”, dorivor Artishok o‘simligini viloyatimizda yetishtirish va uni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan “Fitobar super-power”, bug‘doy ekstraktidan to‘yimli va energiyaga boy ichimlik hamda kukun ishlab chiqarishga qaratilgan “Wheatgrass iste’mol qiling - salomat bo‘ling”, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi 20 ta oilaga resurs-tejamkor va yil davomida foydalanish mumkin bo‘lgan yopiq maydon qurib berish va bu orqali kambag‘allikni kamaytirishga qaratilgan “Innovatsion resurs-tejamkor kichik yopiq maydon” mavzularidagi startap loyihalari shular jumlasiga kiradi.