O‘zbekiston | 20:38 / 19.10.2018
4619
4 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar turli namunadagi xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishini to‘xtatishdi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan respublikamiz bojxona chegaralari orqali naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishiga doir navbatdagi qonunbuzarlik holatlari fosh qilindi. Bojxonachilar 10 ming 250 AQSh dollari va 1 mln 350 ming Rossiya rublining olib chiqilishini to‘xtatishdi, deb xabar qilmoqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati.

Jumladan, “S.Najimov” chegara bojxona postida qo‘shni davlatga piyoda holda chiqib ketayotgan fuqaro S.G.ning qo‘l yuklari rentgen apparatidan o‘tkazilganda, unga tegishli sumkada yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan hamda og‘zaki so‘rovda ma'lum qilinmagan 5603 AQSh dollari va 100 Rossiya rubli yashirincha olib chiqib ketilayotganligi aniqlandi.

Mazkur post orqali harakatlangan yana bir fuqaro A.T.ning qo‘l yuklari ham rentgen apparatidan o‘tkazilganda shunga o‘xshash holat fosh qilindi. Uning sumkasi xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan hamda og‘zaki so‘rovda ma'lum qilinmagan 5000 AQSh dollarini yashirincha olib chiqib ketayotgani ma'lum bo‘ldi.

“G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida ham bir kunning o‘zida naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib o‘tilishiga doir 3 ta bojxona qoidabuzarligi fosh etildi. Qo‘shni davlatga yo‘l olgan fuqaro U.O. xolislar ishtirokida va belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, cho‘ntagidagi 5000 AQSh dollarini bojxona nazoratiga taqdim qilmagani ma'lum bo‘ldi.

Shuningdek, respublikamizdan chiqib ketayotgan yana bir fuqaro M.B. ham shaxsiy ko‘rik davomida bojxonachilar qarshisida yer chizib qoldi. Qarangki, ushbu shaxs cho‘ntagida “paydo” bo‘lib qolgan 5250 AQSh dollari haqida bojxona nazoratidan o‘tish vaqtida ma'lum qilishni “unutib” qo‘yibdi.

Shu kuni post xodimlari bir guruh shaxslarni tashmachilikka yollagan holda naqd xorijiy valyutalarni noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqishga uringan fuqaro Sh.Z.ning qing‘ir qilmishlarini fosh qilishdi. U ma'lum bir haq evaziga 8 nafar shaxslarni tashmachilikka yollagan holda,  1 mln. 350 ming Rossiya rublini respublikamizdan olib chiqmoqchi bo‘lgan vaqtda to‘xtatib qolindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 000 AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda naqd xorijiy valyutani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi. Chet el fuqarolari esa O‘zbekistonga kirish chog‘ida olib kirgan miqdordagi naqd xorijiy valyutani erkin olib chiqib ketishlari mumkin.

Belgilangan summadan ortiqcha naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketish uchun Markaziy bankning hududiy boshqarmalari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar talab etiladi.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid