Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Markaziy bank valuta operatsiyalari tartibiga o‘zgartish kiritmoqchi
O‘zbekiston Markaziy banki kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartishlar loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Yangi tartib rezidentlarning chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirishi, xorijdan mablag‘ jalb qilishi hamda valuta operatsiyalarini ro‘yxatga olish jarayonlarini aniqlashtirishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, kapital harakati operatsiyalari joriy xalqaro operatsiyalarga kirmaydigan barcha transchegaraviy valuta operatsiyalarini qamrab oladi. Ular qatoriga chet elda investitsiya qilish, kredit va qarz operatsiyalari, ko‘chmas mulk sotib olish, xorijiy hisobvaraqlarga mablag‘ joylashtirish hamda intellektual mulk huquqlari bilan bog‘liq bitimlar kiradi.
Shuningdek, rezidentlarga ayrim operatsiyalar bo‘yicha dastlabki ruxsatsiz chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirish imkoniyati berilishi taklif qilinmoqda. Xususan, davlat ishtirokidagi korxonalar uchun 100 ming AQSh dollarigacha, xususiy korxonalar uchun esa 200 ming dollargacha miqdorda xorijda investitsiya kiritishga ruxsat talab etilmaydi. Jismoniy shaxslar esa bir yilda 10 ming dollargacha xorijiy investitsiya operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Loyihada kapital harakati operatsiyalarini Markaziy bankning FERUz axborot tizimi orqali elektron ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi ham belgilangan. Banklar operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimga kiritgandan so‘ng ular rasman ro‘yxatga olingan hisoblanadi.
Bundan tashqari, rezidentlar har chorakda chet eldagi investitsiya faoliyati bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi bankka hisobot taqdim etishi lozim bo‘ladi. Ma’lumotlarni belgilangan muddatda taqdim etmagan rezidentlarning keyingi operatsiyalari vaqtincha to‘xtatib turilishi mumkin.
Mavzuga oid
16:50
“Asosiy stavka ta’sirchanligini oshirish choralarini ko‘ramiz” – Ishmetov
16:37
Timur Ishmetov: 2027 yilda 5 foizlik inflatsiya maqsadiga erishish yo‘lida jiddiy xatarlar ko‘rmayapmiz
11:05
Mijozlar bilan eng yomon ishlayotgan banklar ro‘yxati e’lon qilib boriladi
14:30 / 06.06.2026