O‘zbekiston | 10:28 / 19.10.2018
5256
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Marg‘ilon va Toshkentda Yoshlar mehmonxonalari quriladi

Foto: Pinterest

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Marg‘ilon va Toshkent shaharlarida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Yoshlar mehmonxonalari qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan “Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Marg‘ilon va Toshkent shaharlarida Yoshlar mehmonxonalari qurilishini tashkil etish manzilli rejasi” tasdiqlanishi mumkin.

Yoshlar mehmonxonalarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha:

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining “Yoshlar qurilish invest” kompaniyasi – buyurtmachi etib belgilanadi;

bosh loyihachilar hamda bosh pudratchilarni qonunchilikda belgilangan tartibda tanlov savdolari (tender) natijalari asosida aniqlanadi.

Belgilanishicha:

Yoshlar mehmonxonalarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbaalar hisobidan amalga oshiriladi;

Yoshlar mehmonxonalarida yoshlar turizmi uchun qulay infratuzilma va ijtimoiy obektlarni tashkil etishni inobatga olgan holda ular xostellarga tenglashtiriladi hamda amaldagi qonunchilikda xostellar uchun ko‘zda tutilgan davlat standartlari talablariga muvofiq o‘z faoliyatini olib boradi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga xususiy investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yakunlari bo‘yicha investitsiya shartnomalarini tuzish orqali Yoshlar mehmonxonalarini qurish va faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari ilovadagi manzilli rejada belgilangan hududlarda Yoshlar mehmonxonalarini qurish uchun shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq yer maydonlarini o‘rnatilgan tartibda ajratadilar.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid