O‘zbekiston | 12:22 / 20.10.2018
3174
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zmilliybank va Rossiya Sberbanki $350 millionlik hamkorlik shartnomasini imzoladi

Foto: O‘zmilliybank

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida O‘zmilliybank va Sberbank 350 million AQSh dollarlik hamkorlik shartnomasini imzoladi.

Shartnoma Rossiya Sberbanki bilan yirik loyihalarni hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi. Bundan tashqari, mazkur kelishuv O‘zmilliybank mijozlariga Sberbankning keng ko‘lamli xizmatlaridan – moliyalashtirishni tuzish, savdoni moliyalash, loyihalarni moliyalashtirish hamda tovar va xizmatlar xaridi vaqtida ishonchli va tasdiqlangan yetkazib beruvchilarni tanlash uchun Sberbank ma'lumotlar bazasidan foydalanish imkonini beradi.

Ushbu kredit liniyasining afzalligi shundaki, yuqori texnologik uskunalar va xizmatlarini yetkazib berish, nafaqat  Rossiya, balki Sberbankning filiallari tarmog‘i mavjud bo‘lgan mamlakatlardan  (Belarus, Qozog‘iston, Turkiya, Shveytsariya, Chexiya, Vengriya, Serbiya, Xorvatiya, Sloveniya, Bosniya va Gersogovina) ham amalga oshirish imkonini beradi.  

Sberbank kredit liniyasi, davlatning kafolatsiz, eksport-kredit agentliklari sug‘urta qoplamasi asosida jalb qilinadi.
Rossiya Sberbanki bilan hamkorlik nafaqat kredit resurslarini jalb qilish bilan chegaralanib qolmay, balki Rossiya bankining chakana bank xizmatlari, zamonaviy axborot texnologiyalari va mijozlarga xizmat ko‘rsatishdagi eng yaxshi amaliyotlarini o‘rganish va uni O‘zmilliybank tizimiga kiritish imkonini beradigan Sberbank korporativ universitetida O‘zmilliybank xodimlarini tayyorlashni o‘z ichiga oladi.

OAJ “Rossiya Sberbanki” 1841 yilda tashkil topgan bo‘lib, bugungi kunda Rossiya va MDH mamlakatlarida aktivlari bo‘yicha 1-o‘rindagi bank (418 mlrd. AQSh dollari) va u eng keng bo‘linmalar tarmog‘iga ega bo‘lib, dunyo bo‘ylab 110 mln.  mijozlariga investitsion va bank xizmatlarining to‘liq spektrini taklif qiluvchi bank hisoblanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid