“O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi va “FERRANDI Paris” instituti o‘rtasida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha Hamkorlik kelishuvi imzolandi
Iqtisodiy rivojlanishning zamonaviy sharoitida xizmat ko‘rsatish sohasi iqtisodiy siyosatning barcha darajalarida asosiy elementga aylanib bormoqda. Bugungi kunda ushbu sohani haqli ravishda iqtisodiyotning eng yirik tarmog‘i deb atash mumkin, u tijorat va ijtimoiy asosda ko‘rsatiladigan barcha turdagi xizmatlarni o‘z ichiga oladi.
Mamlakatimizda iqtisodiyotning mazkur tarmog‘ini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 16 iyundagi “Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2021 yil 11 maydagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorlariga asosan xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish uchun 200 mln AQSh dollari ajratildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2021 yilda mamlakatimizda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 283 trln so‘mga, aholi jon boshiga xizmat ko‘rsatish hajmi 8 mln so‘mga teng bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida 2022 yilda sohani rivojlantirishga yangi yondashuvlarni joriy etish orqali xizmatlar hajmini 1,5 barobarga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu esa qo‘shimcha 1,6 million, shu jumladan, Toshkentda – 700 mingta yangi ish o‘rni yaratilishiga imkon beradi.
Mazkur tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 18 noyabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Fransiya Respublikasiga oliy darajadagi tashrifi doirasida, Parij shahrida O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Fransiyaning gastronomiya va mehmonxona boshqaruvi sohasiga ixtisoslashgan yetakchi instituti – FERRANDI Paris bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.
Shartnoma quyidagi imkoniyatlarni beradi:
1. “O‘zmilliybank” AJ va Savdo-sanoat palatasi ko‘magida 200 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektini mehmonxona va restoran biznesi, turizm, gastronomiya va boshqa xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish va malakasini oshirish;
2. FERRANDI Paris instituti tomonidan fransuz va xorijiy hamkorlar tajribasini o‘rganish maqsadida mahalliy Oliy o‘quv yurtlarida o‘zbekistonlik hamkorlar bilan qo‘shma o‘quv kurslarini tashkil etish.
Forum doirasida “O‘zmilliybank” AJ va Savdo sanoat palatasi, imzolangan kelishuv O‘zbekiston va Fransiya tadbirkorlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasida uzoq muddatli, samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga, turizm, mehmonxona va restoran biznesi va boshqa sohalardagi xizmat ko‘rsatish sohasidagi kichik va o‘rta biznes sub’yektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishiga umid bildiradi.
Ma’lumot o‘rnida: Ferrandi Paris 1920 yilda gastronomiya va mehmonxona boshqaruvi sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, Parij Ile-de-France Savdo-sanoat palatasiga tegishli.
Maktab tadbirkorlik, mehmonxona va restoran biznesi yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashish hamda bakalavr va magistrlarni oshxona va keytering, novvoyxona, mehmondo‘stlik, qandolatchilik va boshqa ko‘plab sohalarda tayyorlash maqsadida, fransuz va xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantiradi.
Savdo-sanoat palatasi Matbuot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
17:55 / 01.10.2021
«O‘zmilliybank» AJ va Germaniyaning Doyche banki 100 mln AQSh dollari miqdoridagi shartnoma imzoladi
17:00 / 30.09.2021
«O‘zmilliybank» AJ va «Sovkombank» OAJ (Rossiya) 50 mln AQSh dollari miqdoridagi bosh kelishuvni imzoladi
11:19 / 21.09.2021
ShHT Banklararo birlashmasi kengashining XVII yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra raislik O‘zbekiston milliy bankiga o‘tdi
11:35 / 20.08.2021