Prezident va hukumat a'zolari Vera Pak vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev va hukumat a'zolari O‘zbekiston Qahramoni Vera Pak vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zA ma'lum qildi.
Vera Pak 1938 yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida tug‘ildi. 1961 yili Nukus davlat pedagogika institutining kimyo-biologiya fakultetini bitirdi.
Bo‘lg‘usi pedagog o‘z mehnat faoliyatini 1961 yili Xiva shahridagi A.S.Pushkin nomidagi 3-umumta'lim maktabida kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchisi sifatida boshladi. Ushbu maktabda yosh avlodning bilimdon farzandlar bo‘lib kamolga yetishiga munosib hissa qo‘shdi.
1985-2015 yillarda Xorazm viloyatidagi 20-Mehribonlik uyi rahbari, 2015-2018 yillarda Xiva shahridagi “Mehribonlik shaharchasi” direktori lavozimlarida mehnat qildi.
Vera Pak 2004-2009 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi sifatida samarali faoliyat yuritdi.
U o‘zining 57 yillik pedagogik faoliyati mobaynida ota-ona mehriga tashna ko‘plab bolalarning yuragida hayotga, kelajakka mustahkam ishonch uyg‘otgan edi. Ularning Vatanimizga, xalqimizga sadoqatli farzandlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qildi. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari mustaqil hayotga qadam qo‘yganidan so‘ng ham ularni ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab, yosh yigit-qizlarning kasb-hunar o‘rganishi, oila qurib, uy-joy bilan ta'minlanishi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi.
Ustoz Vera Pakning mamlakatimiz ta'lim-tarbiya sohasini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U 1992 yili “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta'limi xodimi” faxriy unvoni, 2001 yili “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan edi.
Mehribon ustoz, fidoyi pedagog, samimiy va kamtarin inson Vera Borisovna Pakning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, A.Abduvaxitov, Sh.Shermatov
Mavzuga oid
17:35 / 29.08.2024
Mirziyoyev marhum akademik xonadoniga borib, oilasiga hamdardlik bildirdi
22:39 / 09.04.2021
Shavkat Mirziyoyev akademik Vladimir Kim vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirdi
15:21 / 18.08.2020
Prezident akademik Muhabbat Obidova vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
12:23 / 22.07.2020