O‘zbekiston | 23:20 / 31.10.2018
22529
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qutqaruvchilar yosh bolaning qo‘lini asrab qolishdi

30 oktabr kuni Samarqand viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik qismiga Samarqand shahridagi 10-son mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi, 2006 yilda tug‘ilgan A.Sh.ning chap qo‘li barmog‘iga temir bolt tiqilib qolganligi, uni 8 soatdan buyon chiqara olishmayotganligi haqida xabar kelib tushadi.

Voqea joyiga yetib borgan viloyat FVB Qutqaruv otryadi bolaning barmog‘ida qon aylanish buzilganligi, bolt esa chiqmayotganligiga guvoh bo‘lishadi.

— Bolani zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga olib bordik. Tibbiyot xodimlari yana bir oz vaqt o‘tganida, qon aylanishi buzilgani uchun bolaning barmog‘ini kesishga to‘g‘ri kelishini aytishdi, — deydi FVB xodimi G‘.Ravshanov KUN.UZ muxbiriga.

Shundan keyin tibbiyot xodimlari va qutqaruvchilar hamkorlikda harakat qilib, bolaning barmog‘idagi boltni maxsus vosita bilan avaylab kesib olishgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов

Mavzuga oid